Putin muzokara uchun Vatikanga ham bormoqchi emas

Olam

image
Putin Tramp bilan nimaga kelishganini aytdi (video) north_east

Putin Tramp bilan nimaga kelishganini aytdi (video)

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqin kelajakda Vatikanda yoki boshqa joyda Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarida qatnashmaydi. Bu haqda Rossiya rasmiylariga tayanib, kecha, 22 may kuni “Bloomberg” agentligi xabar berdi.

Kreml 16 may kuni Istanbulda boshlangan texnik darajadagi muzokaralarga e’tibor qaratishni afzal ko‘rmoqda. Siyosatshunos Sergey Markovga ko‘ra, Putin NATO mamlakati Italiyaga “xavfsizlik nuqtai nazaridan” bormaydi, shuningdek, Rossiya Vatikanni mojaroda neytral tomon deb hisoblamaydi.

Vatikanning muzokaralar jarayonidagi ishtiroki rus pravoslav cherkovida ham shubha uyg‘otadi – u Muqaddas taxtga Ukrainadagi “tarixiy raqib” sifatida qaraydi, shuningdek, Moskva Patriarxatining Ukraina pravoslav cherkovlarini yopib qo‘ygan Kiyev hukumatini tanqid qilmayotgani uchun uni qoralaydi.

“Bloomberg” agentligining Kremlga yaqin uch manbasiga ko‘ra, Moskva Turkiyani bo‘lajak tinchlik memorandumi shartlarini muhokama qilish platformasi sifatida afzal ko‘radi. Yevropalik yuqori martabali amaldorlardan biri Rossiyaning Turkiyani tanlashi va 2022 yilgi muzokaralar Rossiyaning “birinchi kvadratga qaytish” niyatidan darak berishi mumkinligini ta’kidladi.

Agentlik manbalari, shuningdek, hozirda AQSH muzokaralarni osonlashtirish uchun Kiyev bilan aloqada ekanini va shu bilan birga, 2022 yilda va joriy yilning 16 may kuni Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy kabi qattiqqo‘l tarafdorlarning maslahatlashuvlarda ishtirok etishi ma’qul emasligi haqida Moskvaga ishora qilmoqda.

Qayd etish joiz, uchrashuvni Vatikanda o‘tkazish g‘oyasini AQSH Prezidenti Donald Tramp ilgari surgan. Keyinchalik bu tashabbusni yangi pontifik papa Leo XIV qo‘llab-quvvatladi.

21 may kuni Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar kelasi haftadayoq Vatikanda o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.

“The Washington Post” gazetasining yozishicha, Italiya o‘z vakillarini muzokaralarda ishtirok etishi uchun yo‘l ajratishga tayyorligi haqida Moskvani xabardor qilgan, biroq bu Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi ostidagi Putinga ham taalluqli bo‘ladimi-yo‘qmi, hozircha aniq emas. Italiya XJSning yurisdiksiyasini tan oladi va Rim statutini ratifikatsiya qilgan.

Murosasiz pozitsiyalar

16 may kuni Istanbulda 2022 yildan beri ilk bor Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. “The Economist” nashrining yozishicha, Moskva to‘rt mintaqa – Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari ustidan nazorat o‘tkazilishini talab qilgan, ammo haligacha to‘liq qo‘lga kirita olmagan.

Nashr manbalariga ko‘ra, Vladimir Medinskiy agar yon berishlar rad etilsa, Rossiya “cheksiz kurashishga” tayyorligini ochiq aytgan. Muzokaralar hech qanday aniq tinchlik kelishuvlarisiz yakunlangan. Ukraina har qanday hududiy imtiyozlar ehtimolini qat’iyan rad etgan.

Ko‘p o‘tmay, 19 may kuni Putin va Tramp o‘rtasida ikki soatlik telefon suhbati bo‘lib o‘tdi, ammo bu ham yutuq keltirmadi. “The Financial Times” nashrining yozishicha, bundan AQSHning yevropalik va ukrainalik hamkorlarining hafsalasi pir bo‘lgan.

Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp bundan buyon vositachi sifatida faol rol o‘ynash niyatida emasligini va Rossiya va Ukrainaga o‘zlari kelishuvga kelish imkoniyatini berishini aniq aytgan.

“The Wall Street Journal” (WSJ) 21 may kuni uchta manbaga tayanib xabar berishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin bilan telefon suhbati yakunlari bo‘yicha Yevropa yetakchilariga Rossiya Prezidenti Ukrainadagi urushni to‘xtatish niyati yo‘qligini, chunki u urushda g‘alaba qozonayotganiga ishonganini ma’lum qilgan.

Nashrning yozishicha, Yevropa yetakchilari Putin tinchlikni xohlamasligini taxmin qilgan, biroq ular o‘z taxminlarining tasdig‘ini Trampdan birinchi marta eshitgan. Shu bilan birga, Trampning so‘zlari Putin go‘yoki tinchlikka chin dildan intilayotgani haqidagi ommaviy bayonotlariga zid edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina Vatikan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing