Putin Tramp bilan nimaga kelishganini aytdi (video)

Olam

image

Kecha, 19 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan Ukrainadagi Rossiya urushini tartibga solish masalasida telefon orqali muloqot qildi. Sochida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida so‘zlagan Putin Tramp bilan bo‘lgan suhbatni “ochiq va mazmunli” deb atadi va Tramp Rossiyaning Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiqligini tan olganini ta’kidladi.

“Hayrli kech! Hamkasblarim AQSH Prezidenti bilan telefon orqali suhbatimiz natijalari haqida bir necha so‘z aytishimni iltimos qilishdi. Darhaqiqat, bu suhbat bo‘lib o‘tdi va ikki soatdan ortiq davom etdi. Shuni ta’kidlashni istardimki, u juda mazmunli va ochiq bo‘ldi. Va umuman olganda, mening fikrimcha, bu borada juda foydali.

Avvalo, men 2022 yilda Ukraina tomoni to‘xtatib qo‘ygan muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta tiklashda Qo‘shma Shtatlarning qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSH Prezidentiga minnatdorlik bildirdim.

AQSH Prezidenti harbiy harakatlarni to‘xtatish, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirdi va men ham o‘z navbatida, Rossiya ham Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladim. Biz shunchaki tinchlik sari eng samarali yo‘llarni aniqlashimiz kerak.

Biz AQSH Prezidenti bilan Rossiya Ukraina tomoniga bir qator pozitsiyalarni, masalan, kelishuv tamoyillari, mumkin bo‘lgan tinchlik bitimini imzolash muddati va hokazolarni, shu jumladan tegishli kelishuvlarga erishilsa, ma’lum muddatga o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga oluvchi bir qator pozitsiyalarni belgilab beruvchi kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tinchlik shartnomasi bo‘yicha memorandumni taklif qilishini va u bilan ishlashga tayyorligini kelishib oldik.

Aytgancha, Istanbuldagi uchrashuv va muzokaralar ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalar qayta tiklandi va bu biz umuman to‘g‘ri yo‘ldamiz, deyishga asos bo‘ladi.

Yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchimanki, suhbat juda konstruktiv tarzda o‘tdi va men buni yuksak qadrlayman. Masala shundaki, Rossiya va Ukraina tomonlari tinchlikka maksimal darajada intilishlarini namoyon etishlari va barcha tomonlarga mos keladigan murosalarni topishlari kerak.

Shu bilan birga, shuni ta’kidlashni istardimki, umuman olganda, Rossiyaning pozitsiyasi aniq. Biz uchun asosiysi bu inqirozning asl sabablarini bartaraf etishdir.

Agar biror narsaga aniqlik kiritish zarurati tug‘ilsa, matbuot kotibi Peskov va mening yordamchim janob Ushakov birozdan keyin telefon orqali prezident Tramp bilan bugungi muzokaralarimiz tafsilotlarini tushuntirib berishadi”, dedi Putin.

Trampning o‘zi esa Truth Social'dagi sahifasida Putin bilan suhbat “juda yaxshi” o‘tgani va uning “ohangi va ruhi” “a’lo darajada” ekanini yozdi. Tramp Rossiya va Ukraina zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va urushni tugatishga olib keladigan muzokaralarni boshlashini ma’lum qildi.

“Shartlar har ikki tomon tomonidan muhokama qilinadi”, dedi u.

Bundan tashqari, Tramp Rim papasi Leo XIV vakilligidagi Vatikan ushbu muzokaralarda vositachilik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urush tugaganidan so‘ng AQSH bilan “har tomonlama savdo-sotiq”ni qayta tiklashga intilmoqda va u bunday rejalarga “qo‘shiladi”.

“Rossiyada juda ko‘p ish o‘rinlari va boylik yaratish uchun ulkan imkoniyat mavjud. Uning imkoniyatlari cheksizdir.

O‘z navbatida, Ukraina savdoda, mamlakatni tiklash jarayonida katta foyda oluvchiga aylanishi mumkin”, deb ishonadi Tramp.

Oq uy rahbari Putin bilan suhbatdan so‘ng Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni va Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbga ushbu telefon suhbatining mazmuni darhol ma’lum qilinganini qo‘shimcha qildi .


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing