Putin migrantlarga aloqador qonunni imzoladi
Olam
−
26 Oktabr
17219Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xorijiy fuqarolar Rossiya fuqarosi bilan ma’lum yillar davomida nikohda bo‘lgandan keyingina soddalashtirilgan tartibda vaqtinchalik yashash uchun ruxsat olishlari mumkinligini nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Tegishli hujjat Rossiyaning rasmiy huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, endi chet el fuqarolari kvotadan tashqari vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini yoki doimiy yashash huquqini soddalashtirilgan tartibda faqat nikohdan o‘tgan yoki bola asrab olgan kundan boshlab uch yil o‘tgach olishlari mumkin.
Qonunga ko‘ra, agar nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilsa, berilgan ruxsatnoma bekor qilinadi. Shu bilan birga, sud nikohni haqiqiy emas deb topgan taqdirda vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi ham bekor qilinadi. Xuddi shunday mexanizm migrant ota-onalik huquqini cheklash yoki undan mahrum qilish holatlariga ham tegishli.
Qonun, shuningdek, soxta otalikka qarshi kurashishga ham qaratilgan. Rossiya fuqarosi bo‘lgan farzandi bor chet el fuqarosi, agar u bola bilan birga yashayotganini, uni boqayotganini va tarbiyalayotganini isbotlamasa, vaqtinchalik yashash ruxsatisiz doimiy yashash huquqini ololmaydi. Yoki bola onasi yoki otasi bilan kamida uch yil birga yashaganini tasdiqlash kerak bo‘ladi.
Bildirilishicha, qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin 90 kundan so‘ng kuchga kiradi. Rossiya Davlat Dumasi qonun loyihasini 15 oktyabrda qabul qilgan, Federatsiya Kengashi esa uni 23 oktyabrda ma’qullagan. Duma spikeri Vyacheslav Volodinga ko‘ra, 2021 yildan to hozirgi kungacha Rossiyada yashash huquqini olish maqsadida 4,3 mingdan ortiq soxta nikohlar tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskva shahrida 2025 yildan boshlab migrantlarga elektron shaxsiy guvohnoma berilishi va ushbu hujjat ularning barcha ma’lumotlarini qamrab olishi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi