“Putin meni ashaddiy dushmani deb biladi”. Saakashvili Makrondan yordam so‘rab xat yozdi
Olam
−
12 dekabr 2022
6813Olti yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga maktub yo‘lladi. Bu haqda “Georgia-Online” xabar berdi.
Maktubda Saakashvili Makrondan yordam so‘raydi va u o‘layotganini, vaqti kamligini qayd etadi.
“Men butun umrim davomida Gruziya va Ukrainada erkinlik va islohotlar uchun kurashdim, Rossiyaning imperialistik siyosatiga qarshi chiqdim. Putin meni o‘zining ashaddiy dushmanlaridan biri deb biladi. U omma oldida meni o‘ldirishga va’da berdi. Hozir men uning shaxsiy mahbuslaridan biri sifatida qamoqdaman. Toksikologlar meni qamoqxonada zaharlangan, degan xulosaga kelishdi”, deyiladi maktubda.
Saakashvilining yozishicha, shifokorlar fikricha, u qamoqdan chiqsa, tezroq vafot etadi.
“Og‘irligimning uchdan bir qismini yo‘qotdim, qimirlay olmayman. Menga xalqaro munosabat kerak, chunki o‘layapman, vaqtim oz”, deb yozgan Saakashvili.
Gruziyaning sobiq Prezidenti, shuningdek, Prezident Makron va Fransiya xalqining yordamiga umid qilishini yozgan.
Ma’lumot uchun, Saakashvili 2004-2013 yillarda ketma-ket ikki muddat Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Keyinchalik u Ukrainada ham turli lavozimlarda ishlagan. Ammo Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko bilan munosabatlari buzulishi natijasida unga berilgan ukrain pasporti bekor qilingan. Vladimir Zelenskiy Prezidentlikka saylangach, Saakashviliga Ukraina fuqaroligi qaytarib berildi. 2021 yilning sentyabr oyida u Gruziyaga qaytib keldi va hibsga olindi.