Putin “MDHda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida qo‘shma korxonalar tashkil etishni taklif qildi.

Olam

image

Bugun, 9 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sochida MDH va YeOII davlatlari hukumat rahbarlari bilan uchrashdi va ularga “YeOIIda ishlab chiqarilgan” yoki “MDHda ishlab chiqarilgan” umumiy savdo belgisi ostida qo‘shma korxonalar tashkil etishni taklif qildi. 

“Sanoat kooperatsiyasidagi faollikni yanada oshirish, jumladan, “YeOIIda ishlab chiqarilgan” umumiy savdo belgisi ostida qo‘shma korxonalar tashkil etish zarur. Agar u "MDHda ishlab chiqarilgan" umumiy brendi ostida bo‘lsa ham, hech kim qarshi emas. Bu muhim emas – asosiysi, barcha mamlakatlarimizda samarali hamkorlik rivojlanmoqda. Bunday brend yoki brendlar barcha mamlakatlarimizdagi iste’molchilar orasida taniqli va mashhur bo‘lib qolishi muhim”, degan Vladimir Putin.

Shuningdek, u iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalarda integratsiya jarayonlarini rag‘batlantirish bo‘yicha qator vazifalarni hal etish zarurligini aytgan. Iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarida texnologik suverenitetni mustahkamlash, muhim tarmoqlarda haqiqiy texnologik o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishishga alohida e’tibor qaratishga chaqirgan.

Bundan tashqari, Rossiya yetakchisi elektron davlat xizmatlari va elektron hukumat tizimlarini birlashtiruvchi yagona raqamli ekotizimni shakllantirish bo‘yicha ishlash kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u davlatlar ijro hokimiyati va markaziy banklari orqali faoliyatni faollashtirish kerakligini ham aytgan.

Ma’lumot uchun, Sochida Yevroosiyo Kongressi, Yevroosiyo Hukumatlararo Kengashi, MDH davlatlari Hukumat rahbarlari kengashi majlislari, III Yevroosiyo Kongressi hamda “Yevrosiyo – bizning uyimiz” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Kuba, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Bosh vazirlari ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov mazkur tadbirlar davomida rossiyalik mavqedoshi Mixail Mishustin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazgan va unda “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal transport yo‘lagini yaratishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

MDH Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing