Putin Lukashenkoga Rossiyaning oliy mukofotini berdi (video)
Olam
−
09 Oktabr
5684Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 9 oktyabr kuni belaruslik Aleksandr Lukashenkoga Rossiya Federatsiyasining oliy davlat mukofoti — Birinchi chaqiriq Apostol Andrey ordenini topshirdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putinning ta’kidlashicha, ushbu orden nizomiga ko‘ra, u ham Rossiyaning taniqli davlat arboblari, ham Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlashdagi beqiyos xizmatlari uchun xorijiy davlat rahbarlariga beriladi.
“Sizni Birinchi chaqiriq Apostol Andrey ordeni bilan taqdirlash Rossiya-Belarus ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissangiz uchun Rossiyaning minnatdorligini aks ettiradi. Bu munosabatlar mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish va, albatta, umumiy tarix, umumiy axloqiy va ma’naviy qadriyatlar, ko‘plab ruslar va belaruslar o‘rtasidagi mustahkam oilaviy va qarindoshlik rishtalariga asoslanadi”, dedi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Belarus mustahkam poydevorga asoslangan Ittifoq davlatini qurmoqda.
“Mana shunday mustahkam asosda, shunday mustahkam poydevorda Rossiya va Belarus ittifoq davlatini qurmoqda, uning doirasida umumiy mudofaa va xavfsizlik ishonchli ta’minlangan, yagona iqtisodiy, huquqiy va gumanitar makon yaratilgan”, dedi Putin.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Lukashenkoning “faol ishtiroki” bilan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Putin, shuningdek, Rossiya-Belarus hamkorligi birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali rivojlanib borishiga ishonch bildirdi.
"Biz o‘zaro manfaatli iqtisodiy va yaqin hamkorlikni mustahkamlashda, ikki mamlakat va umumiy ittifoq davlatimiz xavfsizligini ishonchli himoya qilishda davom etamiz", deya qo‘shimcha qildi u.
O‘z navbatida, Lukashenko Rossiya Federatsiyasi va Belarus adolatli dunyo uchun kurashning oldingi safida birga ekanligini aytdi.
“Bugun biz adolatli dunyo uchun birgalikda kurashyapmiz. Belarus va Rossiya ittifoqi bu shafqatsiz va juda jiddiy kurashning boshida turibdi. Tang, qizg‘in xalqaro vaziyat sharoitida bunday yo‘nalishning muqobili yo‘q. Bizning asosiy yutug‘imiz o‘z bazamizni saqlab qolganimizdir. Bugun esa bu hamkorligimizning ulkan salohiyati zamirida turibdi. Ya’ni, bizda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish uchun asos bor. So‘nggi yillarda ajdodlarimiz asrlar davomida o‘rnatib kelayotgan iqtisodiy, madaniy, ma’naviy aloqalarni sezilarli darajada mustahkamlay oldik”, dedi u.
Ma’lumot uchun, Birinchi chaqiriq Apostol Andrey imperator ordeni Rossiya imperiyasidagi eng oliy mukofot edi. U 1698 yoki 1699 yillarda Pyotr I tomonidan tashkil etilgan. Sovet davrida orden berilmagan. Mukofot faqat 1998 yilda Rossiya Federatsiyasidagi eng yuqori mukofot sifatida tiklandi.
Eslatib o‘tamiz, Lukashenkoga ushbu ordenni berish to‘g‘risidagi qaror 30 avgust kuni u 70 yoshga to‘lganida imzolangandi. Lukashenko 7 oktyabr kuni Putinning tug‘ilgan kunida Moskvaga kelgandi. Kecha, 8 oktyabr kuni Kremlda MDH sammiti bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi