Putin, Lukashenko va Rahmon Aliyevni Moskvaga kelishga ko‘ndirdi

Olam

image

Kecha, 15 mart kuni Moskvada norasmiy uchrashuv o‘tkazgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qildi. Bu haqda Kreml va Aliyevning matbuot xizmatlari xabar berdi.

“Iliq va do‘stona ruhda o‘tgan suhbatda Prezidentlar davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Vladimir Putin Ilhom Aliyevni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlab Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan tantanali tadbirlarga taklif qilgan. Prezident Aliyev taklif uchun minnatdorlik bildirgan.

“Davlat rahbarlari Moskvada G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda uchrashishga kelishib oldi”, deyiladi xabarda.

Qayd etish joiz, 2024 yilning 25 dekabr kuni Baku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilgan Ozarbayjonga tegishli Embraer 190 samolyoti qulashi va ko‘plab odamlarning halok bo‘lishi ortidan Ozarbayjon va Rossiya orasidagi munosabatlar biroz sovuqlashgan. 

Kreml voizi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin  Aliyevga ikki marta qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘ragan.

Aliyev aviahalokat oqibatida vafot etgan ekipaj a’zolari – kapitan Igor Kshnyakin, uchuvchi Aleksandr Kalyaninov va styuardessa Ho‘kuma Aliyevaning vidolashuv marosimidagi ishtiroki chog‘ida Rossiya Ozarbayjondan kechirim so‘rashdan tashqari, o‘z aybiga iqror bo‘lishi, aybdorlarni jazolash, jinoiy javobgarlikka tortish va Ozarbayjon davlatiga, jarohatlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tovon to‘lash kerakligini aytdi. Aliyevga ko‘ra, bu Ozarbayjonning shartlari. Ulardan faqat kechirim so‘rash talabigina bajarildi, xolos.

Hozirda samolyot halokati bo‘yicha dastlabki hisobot e’lon qilingan, yakuniy hisobot esa shu yilning dekabrigacha e’lon qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ozarbayjon Ilhom Aliev Imomali Rahmon Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing