Putin Lavrovning Gitler haqidagi so‘zlari uchun kechirim so‘radi

Olam

image

Bugun, 5 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Isroil Bosh vaziri Naftali Bannet bilan telefon orqali suhbat qildi. Suhbat davomida Putin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning yahudiylar haqidagi so‘zlari uchun uzr so‘radi. Bu haqda Isroil Hukumati idorasi saytida joylashtirilgan suhbatdan keyingi xabarda keltirilgan.

“Ular [Putin va Bennet] Rossiya Tashqi ishlar vaziri Lavrovning so‘zlarini ham muhokama qildi. Naftali Bannet Lavrovning so‘zlari uchun Prezident Putinning uzrini qabul qildi va Prezidentning yahudiy xalqi hamda Xolokost xotirasiga munosabatini oydinlashtirgani uchun minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yahudiy bo‘lsa, uni qanday qilib “millatchilik qilish”da ayblash mumkinligi haqidagi savolga javoban Adolf Gitlerda ham “yahudiy qoni bor edi”, deya javob bergandi. 

Isroil Tashqi ishlar vaziri Rossiya hukumatidan vazirning bu so‘zlari uchun Isroil va yahudiy xalqidan kechirim so‘rashni talab qildi. Rossiya TIV Lapidning bayonotlarini “tarixga qarshi” deb atagan. Ular tarixda yahudiylar va natsistlar o‘rtasidagi hamkorlik misollari bo‘lganini eslagan. 

Rossiya TIV Vladimir Zelenskiy 2020 yilda imzolagan “Ukrainada antisemitizmning oldini olish va unga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun mavjudligiga qaramay, uning qoidalariga amal qilinmaydi, deb hisoblamoqda.

Bundan tashqari, rasmiy Moskva Isroil “neonatsistlar rejimi” shakllangan va “antisemitizm gullab-yashnagan” Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. 

Fransiya ham Lavrovning Gitler haqidagi bayonotini bee’tibor qoldirmadi va Rossiyaning Ukrainadagi urushi haqida tarqatayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurashni davom ettirishini qayd etdi.

Isroil Prezidenti Isxaak Gersog ham Rossiya Tashqi ishlar vazirining uzr so‘rashini talab qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

519

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing