Putin Kremlda Slovakiya Bosh vaziri bilan uchrashdi (video)
Olam
−
10:21
2725Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso bilan uchrashdi. Bu haqda kecha, 22 dekabr kuni Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Robert Fitso amaliy tashrif bilan Moskvada”, deyiladi xabarda.
Matbuot xizmati tarqatgan kadrlarda siyosatchilarning qo‘l berib ko‘rishayotgani aks etgan.
TASS agentligining eslatishicha, bu Putin va Fitsoning 2016 yildan beri birinchi shaxsiy uchrashuvidir.
Fitso kelgusi yili Ikkinchi jahon urushida SSSRning Germaniyasi ustidan qozongan g‘alabasining yubileyini nishonlash uchun Rossiyaga yana borishga va’da berdi.
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich 21 dekabr kuni bu uchrashuv Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning 2025 yil 1 yanvardan Rossiya gazini Ukraina orqali tranziti bo‘yicha kelishuvni uzaytirmaslik haqidagi qarori fonida rejalashtirilganini aytdi. Fitsoning o‘zi esa avvalroq bu qadam Slovakiyani inqirozga olib kelishi mumkinligini aytgan edi.
“Men norasmiy bilganimdek... Fitso Putinga Yevropa Ittifoqi davlati rahbari sifatida boradi – bunga boshqa yetakchilar qanday munosabat bildirishini aytishim shart emas va bu vaziyatni yanada murakkablashtiradi”, dedi Serbiya Prezidenti.
Kiyevning Rossiyaning “Gazprom” korporatsiyasi bilan tranzit shartnomasi 2019 yildan beri amal qiladi. DPA agentligining 21 dekabr kuni xabar berishicha, Vengriya ham Rossiya gazini Ukraina orqali yetkazib berishni davom ettirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Kiyev Rossiya urushi tufayli shartnoma uzaytirilishini istamaydi.
“Endi biz ayyorroq yo‘l tutamiz... Agar gaz Ukraina hududiga yetib bormasdan turib, Rossiyaniki emas, xaridorlarga tegishli bo‘lsa-chi?” dedi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bu borada.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oxirida joriy etilgan embargo rejimiga qaramay Yevropa mamlakatlariga hali ham davom etayotgan Rossiya nefti oqimlari 19 dekabr kuni to‘xtatilgandi. “Transneft” oldindan ogohlantirmagan holda Rossiya konlaridan Vengriya, Slovakiya va Chexiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga ulanishni ta’minlovchi “Drujba” quvuri orqali neft uzatishni to‘xtatgan.
LiveBarchasi