Putin Kremlda Raisiy bilan besh soat nimani gaplashdi?

Olam

image

Kremlda Rossiya va Eron Prezidentlari Vladimir Putin va Ibrohim Raisiy o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Yetakchilar “tor” formatda taxminan uch soat suhbatlashdi, butun uchrashuv esa besh soatdan ortiq vaqt davom etdi.

Uchrashuvning asosiy mavzulari Falastindagi vaziyat, shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlik va transport sohasida yirik infratuzilma loyihalari bo‘ldi.

Bu Rossiya Prezidentining Yaqin Sharq yetakchilari bilan ikki kun ichida to‘rtinchi uchrashuvidir. Dastlab Rossiya rahbari BAA va Saudiya Arabistonida muzokaralar o‘tkazgan, Raisiy bilan suhbatdan oldin Ummon Sultonligi valiahd shahzodasi, Yoshlar, madaniyat va sport vaziri Ziyozin bin Haysam Ol Said bilan suhbatlashgan. 

Vladimir Putin Raisiy bilan suhbatni boshlab, Abu-Dabi va Ar-Riyodga safari chog‘ida Tehronga qanday uchishni istagani haqida hazil-mutoyiba qilgan. 

"Bilasizmi, men u yerda, qo‘shni mintaqada edim. Men sizning mamlakatingiz hududi ustidan uchib o‘tdim va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tehronda uchrashishni xohlardim, lekin ular menga Prezident allaqachon Moskvaga yo‘l olganini aytishdi", deydi Putin. 

Bunga javoban Raisiy Eron Rossiya rahbarini qabul qilishga tayyorligini qayd etdi. Putin bu "imkoniyat"dan albatta foydalanishini aytdi.

Shuningdek, Putin Rossiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi rivojlanayotganini ta’kidladi. U Raisiydan Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Homanaiyga ezgu tilaklarni yetkazishni so‘radi.

"Uning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz o‘tgan yil davomida yaxshi dinamikaga erishdik. Xususan, o‘tgan yili Moskva va Tehron o‘rtasidagi savdo aylanmasi 20 foizga oshdi. Yaxshi natijalarga erishildi – 5 milliard dollar", degan Putin.

Uning aytishicha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik deyarli barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda: yirik infratuzilma loyihalari, jumladan, “Shimol-Janub” transport koridori amalga oshirilmoqda.

O‘z navbatida, Raisiy Moskva va Tehron energetika, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishi mumkinligini ta’kidladi. 

“Bu sohalarning barchasida, albatta, sifatli qadamlar tashlash mumkin, bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga mos keladi”, deydi u.

Suhbatning muhim mavzularidan biri - Yaqin Sharqdagi mojaro bo‘ldi. 

“Mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashish, ayniqsa, Falastindagi vaziyat haqida gapirish biz uchun juda muhim”, degan Putin.

Eron Prezidenti esa G‘azo sektorini bombardimon qilishni imkon qadar tezroq to‘xtatish kerakligini aytgan. 

"Bu masala nafaqat bizning mintaqamiz, balki butun insoniyat masalasidir. Shuning uchun bu masalaga juda tez yechim topish kerak", deydi u.

Raisiyning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning harakatlarini AQSH va G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlayotgani afsuslanarli. 

“G‘azoda bolalarning o‘limi butun dunyo jamoatchiligi oldida ro‘y bermoqda. Bu esa xalqaro tashkilotlar o‘z samarasini yo‘qotganini anglatadi”, deydi Raisiy.

Bildirilishicha, Rossiya va Eron hamkorlikni to‘xtatmayapti, qo‘shma hujjatlarni imzolash hatto yil oxiriga qadar ham rejalashtirilgan. 

"Dekabr oyi oxirida Eron va YeOII o‘rtasida erkin savdo zonasini yaratish to‘g‘risidagi bitimni imzolash rejalashtirilgan. Bu o‘zaro hamkorligimizni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi", deya xulosa qilgan Putin.

Muzokaralardan so‘ng davlat rahbarlari suhbatni Kremlda ishchi tushlik formatida davom ettirgan.

Kreml voizi Dmitriy Peskov Prezidentlar muhokama qilgan ikkita mavzuni ochiqlagan.

“Albatta, Falastin-Isroil mojarosi, birinchi navbatda, juda ko‘p qirrali sheriklikdagi ikki tomonlama munosabatlar, boshqa xalqaro masalalarni sinxronlashtirish bo‘yicha fikr almashish bo‘ldi. Eronliklar bilan muzokaralar chog‘ida OPEC+ doirasidagi o‘zaro hamkorlik mavzusi hamda OPEC+ doirasida qabul qilingan qarorlar haqida so‘z yuritildi”, deydi Peskov.

Eron Tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohiyon esa o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozdi:

“Muzokaralarning katta qismi Falastin masalasiga qaratildi. Tomonlar G‘azo va G‘arbiy Sohildagi urush va genotsidni zudlik bilan to‘xtatish, g‘azoliklarning majburiy deportatsiyasini to‘xtatish va G‘azo bo‘ylab keng ko‘lamli gumanitar yordam jo‘natish uchun Rafah chegarasini zudlik bilan ochish zarurligini ta’kidladi. Rossiya tashabbus ko‘rsatishni ko‘rib chiqmoqda”, degan Abdullohiyon.

Demak, muzokaralar mavzularidan faqat bittasi bo‘yicha aniq bir narsani bilamiz: ularning natijalariga ko‘ra, Rossiya Falastinni tinch yo‘l bilan tartibga solish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Rossiyaning bu boradagi pozitsiyasi hech qachon hech kimga sir bo‘lmagan: Rossiya ikki xalq uchun ikki davlat tarafdori, ya’ni Isroil davlatini saqlab qolish, Falastin hududlarini bosib olinishga chek qo‘yish va BMTning uzoq yillik qaroriga muvofiq to‘laqonli Falastin davlatini yaratish tarafdori. Cheksiz urushni tugatishning boshqa yo‘li yo‘q.

Albatta, bu qaror “Falastin masalasi bo‘yicha yakuniy yechim”ga erishgan isroillik siyosatchilarning so‘zlariga, G‘azo aholisining yashirin genotsidga, G‘azoni bosib olishga va’da berganiga va uning barcha aholisini istalgan joyga ko‘chirish takliflariga ziddir. 

Ammo yana bir narsa muhimki, Rossiya va Eron pozitsiyalarining birligi AQSH va G‘arbni noqulay ahvolga solib qo‘ymoqda. Rossiya matbuotining yozishicha, G‘arbda G‘azodagi urush boshidanoq HAMAS, “Hizbulloh”, Eron va Rossiya bir darajaga qo‘yilgan. Ammo ular Rossiya va Eron Falastin muammosi bo‘yicha haqiqatda maslahatlashuvlar o‘tkazishini, umumiy pozitsiyani ishlab chiqishini va harakatlarini muvofiqlashtirishini kutmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Vladimir Putin Ibrohim Raisiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing