Putin Kimni medal bilan taqdirladi
Olam
−
27 mart
6398Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) raisi Kim Chen Inni “G‘alabaning 80 yilligi” medali bilan taqdirladi. Bu haqda Rossiyaning KXDRdagi elchixonasi Telegram-kanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, bugun, 27 mart kuni Rossiyaning KXDRdagi elchisi Putin tomonidan berilgan medalni Kim Chen Inga topshirgan.
“27 mart kuni “Mansude” qurultoylar saroyida Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2024 yil 2 sentyabrdagi farmoniga binoan Kim Chen In “1941-1945 yillardagi Buyuk Vatan urushi G‘alabasining 80 yilligi” medali bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot KXDR hududida halok bo‘lgan va dafn etilgan sovet fuqarolarining xotirasini abadiylashtirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun topshirildi”, deyiladi xabarda.
Mukofotni Rossiyaning KXDRdagi favqulodda va muxtor elchisi Matsegora KXDR Oliy xalq yig‘ini prezidiumi raisining o‘rinbosari Kan Yun Sokga topshirgan. Kan Yun Sok KXDR rahbari Kim Chen In nomidan ushbu mukofot uchun minnatdorlik bildirgan. U, shuningdek, ushbu mukofot Rossiya va KXDR o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlikning yuksak darajasini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidlagan.
Mukofot topshirish marosimida KXDR Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Kim Chjon Gyu, shuningdek, Rossiya elchixonasining harbiy attashesi general-mayor Bartusov, katta diplomatik xodimlar va harbiy attashenning ofitserlari ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin sloveniyalik Artem va Anna Dulsevlarni yashirincha “Jasorat” ordeni bilan taqdirladi. Dulsevlarning mukofotlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hech qanday joyda oshkor etilmagan. Biroq “Agentstvo” nashri Rossiya Tashqi razvedka xizmatining “Razvedchik” jurnalining dekabr sonida chop etilgan materialga e’tibor qaratgan.
LiveBarchasi