Putin xitoyliklarga murojaat qildi
Olam
−
09:27 6200 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoyga tashrifi arafasida mamlakat xalqiga murojaat qildi. Bu haqdagi videomurojaat Kreml matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
“Qadrli xitoylik do‘stlar, sizlarga salom yo‘llayman. Qadrdon do‘stim, Si Szinpinning taklifiga binoan yana Pekinga tashrif buyurayotganimdan mamnunman”, degan Putin.
Rossiya yetakchisi ikki davlat vakillarining muntazam o‘zaro tashriflari muhimligini ta’kidlab, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 25 yilligiga to‘xtalgan.
“Si Szinpinning Rossiya bilan uzoq muddatli hamkorlikka bo‘lgan intilishini samimiy qadrlayman. Bizning do‘stona munosabatlarimiz kelajak uchun rejalarni belgilash va ularni amalga oshirishga yordam beradi”, degan Rossiya Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya–Xitoy savdo aylanmasi 200 milliard dollardan oshgan. Shuningdek, hisob-kitoblar deyarli to‘liq rubl va yuan orqali amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
“Rossiya va Xitoyning yaqin strategik hamkorligi jahon maydonida barqarorlashtiruvchi muhim rol o‘ynaydi. Biz kimgadir qarshi do‘stlashmayapmiz, balki tinchlik va umumiy farovonlik yo‘lida ishlayapmiz”, degan Vladimir Putin.
Rossiya Prezidentining Xitoyga tashrifi 19–20 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashrif doirasida Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma bayonot hamda qariyb 40 ta hujjatni imzolashni rejalashtirmoqda. Shulardan 21 tasini bevosita Putin va Szinpin imzolaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putinning Xitoyga tashrifi chog‘ida tomonlar yirik hujjatlar paketini, jumladan, 47 sahifali qo‘shma bayonotni imzolashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi