Putin kelishi uchun hamma narsa tayyor – Pxenyan
Olam
−
18 iyun
7868Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning davlat tashrifi oldidan Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan shahri ko‘chalarida Rossiya bayroqlari paydo bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Nashrning ma’lum qilishicha, poytaxt yo‘llarida KXDR bayroqlari ham ko‘rinadi. Bannerlar aeroportdan shahar markazigacha bo‘lgan yirik yo‘llar bo‘ylab binolar va chiroq ustunlariga osib qo‘yilgan. Bir qancha osmono‘par binolarning fasadlari ham davlat bayroqlari bilan bezatilgan.
Aeroportda rossiyalik mehmonlar rus va koreys tillarida yozilgan “Yashasin buzilmas rus-koreya do‘stligi va birligi”, “Yashasin ikki davlat – Koreya va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi buzilmas birdamlik” degan bannerlar bilan kutib olinmoqda.
24 yil ichida ilk bor Shimoliy Koreyaga safar qiladigan Putin uning Ukrainaga bostirib kirishini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan Kim Chen Inni yuksak qadrlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala davlat ham G‘arbning o‘zaro hurmat qilishga asoslangan ko‘p qutbli dunyo tartibini o‘rnatishga to‘sqinlik qilish borasidagi ishlariga qat’iy qarshilik ko‘rsatishda davom etadi.
Putinga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya G‘arb davlatlari tomonidan nazorat qilinmaydigan savdo va to‘lov tizimlarini ishlab chiqishadi va o‘zlariga qo‘llanayotgan sanksiyalarga birgalikda qarshi chiqishadi.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya yadro quroli va raketa dasturlari tufayli BMT Xavfsizlik Kengashining og‘ir iqtisodiy sanksiyalari ostida qolmoqda. Rossiya esa AQSH va uning g‘arbiy hamkorlari tomonidan Ukrainada olib borayotgan harbiy tadbirlari sababli sanksiyalar bilan kurashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin tez orada Shimoliy Koreya va Vetnamga borishi aytilgandi. Shuningdek, KXDR Rossiyaga artilleriya snaryadlarini topshirgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi