Putin Qrim ko‘prigini ta’mirlashni buyurdi
Olam
−
17 iyul 2023 9217 1 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullinga dron hujumidan so‘ng Qrim ko‘prigida ta’mirlash va tiklash ishlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda Kreml saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Vladimir Putin Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Transport vaziri Vitaliy Savelev va Qrim rahbari Sergey Aksyonovdan Qrim ko‘prigida yuz bergan portlash oqibatlari to‘g‘risida hisobot olgan.
Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan ushbu yig‘ilishda Prezident Marat Xusnullinga Qrimga uchib borish, ko‘prikda ta’mirlash-tiklash ishlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan.
“Vladimir Putin Qrim yo‘nalishida transport qatnovini tashkil etish va yo‘lda odamlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, u Qrim ko‘prigini ta’mirlash ishlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi”, deydi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 17 iyulga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigida portlashlar sodir bo‘ldi. Hujum oqibatida Belgorod viloyatidan er-xotin vafot etib, ularning qizi o‘rtacha og‘irlikdagi jarohatlar olgan.
Shuningdek, Qrim va Kuban o‘rtasidagi parom qatnovi ishi to‘xtatilgan. Favqulodda holat sabab Krasnodar o‘lkasidagi Qrim ko‘prigiga kiraverishda ko‘p kilometrlik tirbandlik yuzaga kelgan.
Live
Barchasi