Putin Qozog‘istonda Erdo‘g‘an bilan uchrashdi
Olam
−
03 iyul
5862Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘istonning Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olgan. Muzokaralar chog‘ida ikki davlat rahbarlari hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad – 100 milliard dollarlik tovar ayirboshlashga erishishni muhokama qildi.
“Shuni ta’kidlashni istardimki, dunyodagi mavjud vaziyatning barcha qiyinchiliklariga qaramay, Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Barcha yirik loyihalarimiz amalga oshirilmoqda. Hammasi reja bo‘yicha ketmoqda. Xalqaro siyosatning qator muhim yo‘nalishlari bo‘yicha faol ishlashda davom etamiz va Turkiya bilan doimiy aloqadamiz”, degan Putin.
Erdo‘g‘an esa uchrashuvlar natijasida “Botash” va “Gazprom” kompaniyalari o‘rtasida samimiy aloqalar davom etayotganini alohida ta’kidlagan. U, shuningdek, Putinni Turkiyaga taklif qilgan.
“Mamlakatimiz tanlagan yo‘l kuchli va mustahkam. Biz Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi iliq munosabatlarni rivojlantirishni davom ettiramiz. Yana bir narsani ta’kidlamoqchiman. Sizni, janob Prezident, qisqa fursatda yurtimda kutaman”, degan Turkiya Prezidenti.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti ertaga, 4 iyul kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Qozog‘iston, Hindiston, Eron, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Belarus, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Qatar, BAA, Turkiya va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, SHHT Bosh kotibi Chjan Ming va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin SHHT sammitida qatnashish uchun Qozog‘istonga kelgandi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Putin bilan Ostonada uchrashishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi