Putin Qorabog‘dagi vaziyatda bu safar kimni qo‘llashi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Qorabog‘dagi qurolli to‘qnashuvlarga “Ozarbayjon o‘z hududida operatsiya o‘tkazmoqda” deb qaraydi. Chunki Armaniston 1991 yil chegaralari doirasida Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning ajralmas qismi sifatida tan olgan. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi. 

“De-yure, hozir gap Ozarbayjon Respublikasining o‘z hududidagi harakatlari haqida bormoqda”, deydi Kreml vakili.  

Uning eslatishicha, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 1991 yilda Ozarbayjon chegaralari tan olinishini e’lon qilgan.  

“Bu Armaniston tomoni Qorabog‘ni Ozarbayjon hududining ajralmas qismi, Ozarbayjon hududi sifatida tan olganini anglatadi”, deydi Peskov. 

Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Qorabog‘dagi tinchlikparvar kuchlarning faoliyati uchun tanbehlarni qabul qilmaydi, bu ayblovlar asossiz. 

“Bizga qarshi bunday ayblovlar mutlaqo asossiz. Ular hech narsaga asoslanmagan. Shunga qaramay, biz arman tomoni bilan aloqalarimizni davom ettirmoqdamiz. Armaniston bizning juda muhim ittifoqchimiz, hamkorimiz, bizga yaqin davlat bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biz Ozarbayjon bilan ham aloqalarni davom ettirmoqdamiz, u ham bizning juda muhim hamkorimiz. Qorabog‘dagi armanlar bilan aloqalarimizni davom ettirmoqdamiz”, deydi u Armaniston Xavfsizlik Kengashi kotibi Arman Grigoryanning Rossiya tinchlikparvar kuchlari o‘z majburiyatlarini bajarmayotgani haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan.

Uning bildirishicha, Moskva Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasidagi telefon muloqoti vaqti bo‘yicha kelishuvni kutmoqda. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan aloqalar hozircha yo‘q, lekin zarurat tug‘ilganda amalga oshiriladi. 

“Prezident Putin va Bosh vazir Pashinyan o‘rtasidagi telefon muloqoti vaqti bo‘yicha kelishuvni kutmoqdamiz. Bu suhbat bo‘lishi bilanoq sizga xabar beramiz”, deydi Peskov. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirdi. 20 sentyabrga kelib Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum shartlari asosida aksilterror harakatlari to‘xtatilganini e’lon qildi


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ilhom Aliev Nikol Pashinyan Ozarbayjon-Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing