Putin: “Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi Moskva uchun xavf tug‘dirmaydi, ammo...”

Olam

image

Rossiyaning Finlyandiya va Shvetsiya bilan hech qanday muammosi yo‘q va ularning NATOga qo‘shilishi Moskva uchun bevosita xavf tug‘dirmaydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 16 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida aytib o‘tgan. 

“Ammo bu hududda (Finlyandiya va Shvetsiya) harbiy infratuzilmaning kengayishi, albatta, norozilikka sabab bo‘ladi. U qanaqa bo‘lishi esa biz uchun yaratiladigan tahdidlarga bog‘liq”, deydi u. 

Putinning fikricha, NATOning kengayishi AQSH tashqi siyosati manfaatlarida sun’iy ravishda yaratilgan muammo. Uning so‘zlariga ko‘ra, alyans o‘zining geografik maqsadidan tashqariga chiqishga va boshqa mintaqalarga ta’sir o‘tkazishga urinyapti.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi.

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi 

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. 

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

386

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing