Putin Erdo‘g‘anning Ukraina urushidagi vositachilik rolini yuqori baholadi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Ukrainadagi mojaroni tartibga solishdagi vositachilik rolini yuqori baholadi. Bu haqda uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 7 iyul kuni jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

Peskovning aytishicha, Turkiya yetakchisi Ukraina mojarosini hal qilish uchun bir necha bor dadil sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. Matbuot kotibi Erdo‘g‘anning Ukraina Prezidenti bilan bo‘lajak uchrashuvi haqida gapirar ekan, Moskva muzokaralar natijalarini diqqat bilan kuzatib borishini ma’lum qildi.

“Albatta, biz siz aytgan muzokaralar natijalarini diqqat bilan kuzatib boramiz. Biz Anqara bilan konstruktiv sheriklik munosabatlarimizni davom ettiramiz, bu aloqalarni qadrlaymiz va Turkiya tomonidan o‘zaro munosabatni his qilamiz. Shuning uchun, albatta, janob Erdo‘g‘an va janob Zelenskiy o‘rtasida nima muhokama qilinishi bizni qiziqtiradi. Bu muhim”, deydi Peskov.

Shu bilan birga, Kreml vakili Turkiya va Rossiya Prezidentlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishini ham istisno etmagan.

“Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi bo‘lajak muloqotlarga kelsak, biz ularni istisno qilmaymiz. Muloqot sanalari aniqlanishi bilan sizga xabar beramiz”, degan u.

Bundan tashqari, Peskov Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar jarayonini boshlash istiqboli hozircha yo‘qligini aytgan.

“Turli darajalarda, jumladan, eng yuqori darajalarda biz Rossiya tomoni hech qachon muzokaralar jarayoniga eshik yopmagani haqida gapirgan edik. Ammo hozircha biz bu muzokara jarayonining istiqbolini ko‘rmayapmiz. Maqsadlarimizga erishish biz uchun muhim. Ularga turli yo‘llar bilan yetishish mumkin. Ammo hozirda, afsuski, siyosiy va diplomatik vositalar, birinchi navbatda, Kiyev rejimining bunday imkoniyatni rad etishi, shuningdek Vashingtonning bu jarayonga ochiqchasiga moyil emasligi sabab mavjud emas”, degan u Lukashenkoning muzokaralar kuzgacha boshlanishi mumkinligi haqidagi gapiga izoh berar ekan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Erdo‘g‘an bilan uchrashish uchun Istanbulga tashrif buyurishi, uchrashuvlarda Ukraina urushi va Don yo‘lagi masalasi ham muhokama qilinishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Erdo'g'an Ukraina urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing