Putin Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qildi
Olam
−
06 fevral 2023
12954Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 6 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qildi. Putin muloqot chog‘ida Rossiya Turkiyaga zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini tasdiqladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
“Putin turkiyalik hamkorlarga ushbu tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda zudlik bilan zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, Rossiyaning yordam bo‘yicha aniq takliflari tegishli kanallar orqali Turkiya tomoniga allaqachon yetkazilgan.
Shuningdek, Rossiya davlat rahbari hamkasbiga ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgan vayronkor zilzilalar munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.
Bunga javoban Erdo‘g‘an Putinga shunday tezkor va samimiy munosabat uchun minnatdorlik bildirgaan va u mamlakatning vakolatli idoralariga rossiyalik qutqaruvchilarning yordamini qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatma berayotganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramanmarash viloyatida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida mamlakatda 1498 nafar, qo‘shni Suriyada 800 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Jabrlanganlar soni minglab kishi. Dastlab, magnituda 7,4 deb baholangan, keyin Turkiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu ko‘rsatkichga oydinlik kiritdi: u 7,7 ni tashkil qildi. Keyinroq Turkiyada 7,7 magnitudali yangi zilzila qayd etildi.
Ko‘plab davlatlar, jumladan O‘zbekiston Anqara va Damashqqa tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam taklif qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Turkiyaga insonparvarlik yordami va zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, 60 nafar FVV qutqaruvchilari hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuborilmoqda.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15