Putin davomli hukmronligi yo‘lida so‘nggi nuqtaga keldi
Olam
−
16 mart 2020
26174Rossiya Federatsiyasining Konstitutsion sudi mamlakatning bosh qonuniga Prezidentning qayta saylanish vakolati bo‘yicha o‘zgartirish kiritishni ma’qulladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Rossiya Federatsiyasining Konstitutsiyaviy sudi shunday xulosaga keldi: Rossiya Federatsiyasining “Davlat hokimiyatini tashkil etish va faoliyatining ayrim masalalarini tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risida” Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi Rossiya Federatsiyasi qonunining 1-moddasini kuchga kiritish tartibi Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga muvofiq ... Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi “Davlat hokimiyatining tashkil etilishi va faoliyatining ayrim masalalarini tartibga solishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Rossiya Federatsiyasi qonunining kuchga kirmagan qoidalari Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasining 1, 2 va 9-boblariga muvofiq”, deyiladi RF KS saytida e’lon qilingan axborotda.
Endilikda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun umumxalq referendumi o‘tkaziladi. Ovoz berish joriy yilning 22 aprel kuniga belgilangan. O‘sha kun dam olish kuni deb e’lon belgilangan.
Loyiha qabul qilinishi uchun uni saylovda qatnashadigan fuqarolarning yarmidan ko‘pi qo‘llab-quvvatlashi kerak. Agar loyiha ma’qullansa, Vladimir Putin kelasi prezidentlik saylovida ham qatnashishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 mart kuni Sankt-Peterburgda faollar Konstitutsiyaga kiritilayotgan va Putinning qayta saylanishi ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishni qoralab namoyish o‘tkazdi. Namoyish “Konstitutsiyaning janozasi” nomini oldi.