Putin egallangan Ukraina yerlari Rossiyaga qo‘shilganini e’lon qilishga tayyorlanyapti – Britaniya razvedkasi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 30 sentyabr kuni Ukrainaning bosib olingan hududlari Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilganini rasman e’lon qilishi mumkin. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi shunday taxminni ilgari surmoqda.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining bugun, 27 sentyabr kun e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Putinning Federal Majlisning ikkala palatasiga murojaati o‘sha kunga rejalashtirilgan va Rossiya Prezidenti bundan anneksiyani rasman e’lon qilish uchun foydalanishi “haqiqiy imkoniyat” mavjud.

Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarida 27 sentyabr kuni Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha “referendum” deb nomlangan ovoz berishning so‘nggi kuni o‘tkazilyapti. Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlari aholisi Moskva vaqti bilan soat 16:00 ga qadar o‘z hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shish tashabbusiga o‘z munosabatini bildirish imkoniyatiga ega.

Kuzatuvchilar bu “referendumlar”ni xalqaro huquqning buzilishi sifatida tanqid qilmoqda. Jahon hamjamiyati ularning natijalarini tan olmaydi, ovoz berish Ukraina va xalqaro qonunlarga zid ravishda o‘tkazilmoqda va minimal demokratik standartlarga javob bermaydi.

Bir necha kundirki, Rossiya televideniyesi Ukrainaning bosib olingan viloyatlari aholisining RFga qo‘shilishi kutilayotganidan xursandligini namoyish qilmoqda. Shu bilan birga, mustaqil matbuot odamlar bosim ostida va qurol yordamida ovoz berishga majburlanayotganini da’vo qilmoqda.

“Referendum” natijalari, ehtimol, 27 sentyabr kuni kechqurun e’lon qilinadi. Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish tashabbusini ma’qullash 80-90 foiz darajasida e’lon qilinishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ayirmachi yetakchilar Putindan bosib olingan hududlarni Rossiya tarkibiga kiritishni rasman so‘rashadi. Kreml allaqachon bu petitsiyalarni imkon qadar tezroq ko‘rib chiqish mumkinligini aytgan.

Bir tomonlama “referendumlar” boshlanishidan oldin ham Putin, agar Kiyev Rossiya Federatsiyasiga qo‘shib olingan Ukraina hududlarini o‘qqa tutishda davom etsa, bu Rossiya hududiga qilingan hujum sifatida baholanishi va Moskva bunga javoban o‘zidagi barcha vositalardan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya Ukraina yerlarini anneksiya qilishni 2014 yilda boshlagan. O‘shanda Qrim egallab olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

251

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing