Putin bilan uchrashmagunimizcha hech narsa bo‘lmaydi – Tramp urush tugashi haqida
Olam
−
15 may 5164 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushiga oid tinchlik muzokaralari faqat u va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchrashgan taqdirda ilgarilashi mumkinligini ta’kidladi. Bu haqda u bugun, 15 may kuni Abu-Dabiga uchib ketayotgan vaqtda Air Force One bortida jurnalistlarga bergan intervyusida aytdi.
“Putin bilan uchrashmagunimizcha hech narsa bo‘lmaydi”, dedi Tramp.
CNN’ning yozishicha, Tramp Istanbul muzokaralariga boradigan Rossiya delegatsiyasi tarkibida Putinning yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘lmaganini aytgan. U delegatsiya tarkibi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini ham qo‘shimcha qilgan.
Qayd etish joiz, ayni damda Donald Tramp Yaqin Sharqda bo‘lib turibdi. U oldinroq rasmiy davlat tashrifi bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahriga yetib bordi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 may kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Muzokaralar kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Tramp ilgariroq Turkiyaga borishga tayyorligini bildirgan, biroq Vladimir Putin muzokaralarda qatnashmasligini bildirgach, bu rejadan voz kechganini aytgan. Shunga qaramay, agar zarurat tug‘ilsa, Tramp ertaga, 16 may kuni Turkiyaga borishga tayyorligini bildirgan. Kreml esa yaqin kunlarda Putin va Tramp uchrashuvi rejalashtirilmaganini ma’lum qilgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Turkiyaga tashrif buyurib, Anqarada mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr