Putin bilan muloqotga tayyorman – Makron
Olam
−
25 iyun
9921Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u “Generation Do It Yourself” podkastida so‘z ochdi.
“Men Putin bilan muloqotni davom ettirgan bo‘lardim va bunga tayyorman ham. Biz so‘nggi oylarda bir-birimiz bilan muloqot qilganimiz yo‘q, lekin men u yoki bu masala bo‘yicha gaplashish imkoniyati tug‘ilsa, buni rad qilmayman”, degan Makron.
Fransiya yetakchisi, shuningdek, agar u Vladimir Putin bilan uchrashsa, ikki o‘rtada kechadigan muloqot ko‘plab masalalarda katta kuchga ega bo‘lishini aytgan. Podkast davomida u nimani nazarda tutayotganiga batafsil izoh bermagan. Shunday bo‘lsa-da, u Rossiya Prezidenti bilan bo‘ladigan muloqotida atom elektr stansiyalari bilan bog‘liq masalani hal qilishiga urg‘u berib ketgan.
Bundan tashqari, 1 soat 45 daqiqadan ko‘proq vaqt davomida Emmanuel Makron o‘zining 7 yillik hokimiyati, muvaffaqiyatlari, muvaffaqiyatsizliklari, xalqning o‘zi haqidagi fikrlari haqida gapirgan.
Xalqaro nashrlarga ko‘ra, Putin avvalroq, agar rasmiy Parij manfaatdor bo‘lsa, Moskva Fransiya bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytgan. Shu bilan birga, Putin Makron bilan o‘rtalarida yaxshi ish munosabatlari bo‘lgani, biroq Fransiya Prezidenti ularni to‘xtatib qo‘yganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makron Fransiya parlamentini tarqatib yuborgani haqida xabar berilgandi.