Putin Berdimuhamedovga “Vatanga xizmatlari uchun” ordenini topshirdi. Qiziq, qaysi vatanga?

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 3 noyabr kuni Moskvadagi yig‘ilishda Turkmaniston parlamenti yuqori palatasi raisi, ushbu mamlakatning sobiq Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga IV darajali “Vatanga xizmatlari uchun” ordenini topshirdi. 

Rossiya rahbari bu juda yuksak mukofot ekanligini va bu turkman siyosatchisining mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasiga to‘liq mos kelishini ta’kidladi. 

Vladimir Putin Berdimuhamedovni mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni joriy yilning avgust oyida imzolagan. Hujjatda aytilishicha, mukofot Berdimuhamedovga davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun berilgan. 

Turkmanistonlik siyosatchining o‘zi bu mukofotni Ashxobod va Moskvaning ko‘p yillar davomida birgalikda bosib o‘tgan yo‘l ijodiga berilgan yuksak baho va e’tirof sifatida qabul qilishini ta’kidladi. 

Shuningdek, u mukofot olgan kunni “tarixiy” deb atadi.  

“Hurmatli Vladimir Vladimirovich, bu men uchun katta sharaf. Hatto aytmoqchimanki, odamda bunday kunlar kam bo‘lsa kerak. Men uchun bu, umuman, tarixiy, ahamiyatli, chunki siz meni Rossiyaning juda yuqori davlat mukofoti bilan taqdirladingiz”, deydi Berdimuhamedov.  

Uning qo‘shimcha qilishicha, mukofotni qo‘lga kiritish turkman va rus xalqlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik rishtalari mustahkamlanib borayotganini yana bir bor isbotlaydi.

Ma’lumot uchun, "Vatanga xizmatlari uchun" ordeni fuqarolarni Rossiya davlatchiligini mustahkamlash, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, ilmiy-tadqiqot faoliyati, madaniyat va san’atni rivojlantirish, ulkan sport yutuqlari, xalqlar o‘rtasidagi tinchlik, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatlarning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun mo‘ljallangan.  

“Vatanga xizmatlari uchun” ordeni 1994 yil 2 martda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 442-sonli farmoni bilan ta’sis etilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Gurbanguli Berdimuhamedov

Baholaganlar

219

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing