Putin allaqachon Uchinchi jahon urushini boshlagan – Zelenskiy
Olam
−
23 fevral 3684 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, allaqachon Uchinchi jahon urushini boshlagan. Bu fikrni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BBC jurnalisti Jeremi Bouenga bergan intervyusida aytdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, masala Putin qay darajada hududlarni egallay olishida va uni qanday to‘xtatishdadir. Uning ta’kidlashicha, Rossiya “o‘z dunyosini olib kelish va odamlarga yoqadigan hayot tarzini o‘zgartirishni” istaydi.
Zelenskiy yana bir bor Ukraina Rossiya talab qilayotgan hududiy yon berishlarga bormasligini aytgan. Uning fikricha, gap faqat yer masalasida emas, balki u yerda yashayotgan yuz minglab odamlar taqdiri haqida ketmoqda. Bunday qaror jamiyatni bo‘lib yuborishi mumkin.
Prezidentning aytishicha, hatto Rossiya talablari bajarilsa ham Putin to‘xtamaydi. Unga tiklanish uchun tanaffus kerak, keyin esa u “davom ettirishni xohlaydi”. Zelenskiyga ko‘ra, tiklanish uchun Rossiyaga bir necha yil kerak bo‘lishi mumkin, Yevropa hamkorlari esa bu muddatni uch-besh yil deb baholamoqda.
Zelenskiy Ukraina yutqazmayotganini, chunki mamlakat mustaqillik uchun kurashayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, g‘alaba – odamlar o‘ldirilishining to‘xtashi va odatiy hayotga qaytishdir. Keng ma’noda esa, Putindan kelayotgan global tahdidni bartaraf etishdir.
Shuningdek, Zelenskiy Ukraina o‘z hududlarini qaytarib olishini, bu faqat vaqt masalasi ekanini aytgan. Biroq, hozir bunday harakat millionlab odamlar hayoti evaziga tushishi mumkinligini urg‘ulagan.
U yana Ukraina xavfsizlik kafolatlari bo‘lgan taqdirda saylov o‘tkazishga tayyorligini bildirgan, ammo o‘zi yana prezidentlikka nomzodini qo‘yish-qo‘ymasligini bilmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Jenevada Rossiya delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan ikki kunlik muzokaralar natijalarini yetarli emas deb baholagan edi.
Live
Barchasi