Putin Aliyevdan keyin Pashinyanga qo‘ng‘iroq qilib, Lochindagi muammo haqida dardlashdi
Olam
−
12 dekabr 2022 4186 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Baku, Yerevan va Moskva o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, Armaniston-Ozarbayjon chegarasida xavfsizlikni ta’minlash masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
“9 dekabr kuni Bishkekda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishi doirasida Vladimir Putin va Nikol Pashinyan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatning davomi sifatida Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon yetakchilari o‘rtasidagi fundamental kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokamasi davom etdi. Armaniston-Ozarbayjon chegarasida xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, Transkavkazda transport-logistika va savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash loyihalariga alohida e’tibor qaratilmoqda”, deya ma’lum qildi Kreml Matbuot xizmati.
Armaniston Vazirlar Mahkamasiga ko‘ra, tomonlar Lochin yo‘lagidagi vaziyatni tartibga solish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan. Bosh vazir Pashinyan Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ o‘rtasida uzluksiz aloqani ta’minlash va Rossiya tinchlikparvar missiyasi tomonidan bu yo‘nalishda izchil qadamlar qo‘yish muhimligini ta’kidlagan.
Avvalroq, 12 dekabr kuni Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan gaplashgan va u bilan Janubiy Kavkazda iqtisodiy va logistika aloqalarini tiklash bo‘yicha uch tomonlama kelishuvlar va rejalarni ham muhokama qilgan edi.
Bugun, 12 dekabr kuni ertalab o‘zlarini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yagona yo‘l bo‘lgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Yerevan bu qadamni rasmiy Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiyasi sifatida baholadi.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha Rossiyaga Ozarbayjon hududida vaqtincha joylashgan Rossiya harbiy kontingenti faoliyati munosabati bilan norozilik notasini topshirdi. Ta’kidlanishicha, ozarbayjonlik ekspertlar guruhi rossiyalik harbiylar vaqtincha joylashgan hududlardagi ekologik vaziyatni o‘rgana olmagan.
Live
Barchasi