Karantin tufayli ko‘makka muxtoj advokatlarga yordam beriladi
Jamiyat
−
25 aprel 2020
6343Karantin sharoitida moliyaviy ko‘makka muhtoj bo‘lib qolgan advokatlarga tegishli hududdagi boshqa advokatlardan ixtiyoriy ravishda yig‘ilgan xayriya mablag‘lari hisobidan yordam ko‘rsatiladi. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Boshqaruvining navbatdagi majlisida shu to‘xtamga kelingan.
Majlisda advokatlarga O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga majburiy tartibda to‘lanadigan a’zolik badallarini kechiktirib to‘lash huquqi ham taqdim etilgan.
“Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida, advokatlarga, ular tomonidan 2020 yil aprel va may oylari uchun O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga majburiy tartibda to‘lanadigan, a’zolik badallarini 2020 yilning 1 oktyabr kuniga qadar kechiktirib to‘lash huquqi taqdim etilsin”, deyiladi boshqaruvning qarorida.
Bundan tashqari, karantin vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalarida o‘rindoshlik asosida ishlovchi bir guruh xodimlar (advokatlar) tomonidan ularning 2020 yil aprel va may oylari ish haqlarini 25 (yigirma besh) foizga kamaytirish to‘g‘risidagi tashabbuslari ma’qullangan.
Karantin rejimi Respublikada faoliyat yuritayotgan advokatlarning ham iqtisodiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotganligini inobatga olgan holda, hududlarda moliyaviy ko‘makka muhtoj advokatlar ro‘yxatini shakllantirishga kirishiladi. Shunday holatlar aniqlanganida esa, ehtiyojmand advokatlarga tegishli hududdagi xayriya qilish istagida bo‘lgan advokatlardan yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan yordam ko‘rsatiladi. Bu taklif Palata hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan bildirilgan bo‘lib, Boshqaruv yig‘ilishi uni ma’qullagan.
LiveBarchasi