Putin Hindistonga borishdan bosh tortib, Modiga to‘g‘ri tushuntirdi
Olam
−
28 avgust 2023
15765Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 28 avgust kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda Rossiya rahbari 9-10 sentyabr kunlari Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida qatnasha olmasligini, Rossiya delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qilishini aytgan. Bu haqda Hindiston Bosh vaziri idorasi ma’lum qildi.
“Prezident Putin 9-10 sentyabr kunlari Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida ishtirok eta olmasligini ma’lum qildi va Rossiyani TIV rahbari Sergey Lavrov vakillik qilishini aytdi”, deyiladi telefon muloqotidan so‘ng berilgan bayonotda.
Modi ushbu qarorni tushunish bilan qabul qilishini bildirgan va Rossiya rahbariga Hindistonning G20ga raisligidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Har ikki yetakchi aloqani davom ettirishga kelishib olgan.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov TASS muxbirining savoliga javob berar ekan, “G20 sammitida ishtirok etish formati haqida keyinroq ma’lum qilamiz”, deb tushuntirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti oldidan Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putindan sammitda ishtirok etmaslikni so‘ragan. Sammitda Rossiya nomidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qatnashdi.
LiveBarchasi