Putinning mehmoni bo‘lgan Lukashenko Moskvadan kattagina summa kredit oldi

Olam

image
Lukashenko Putinga qora chamadonda nima olib bordi? north_east

Lukashenko Putinga qora chamadonda nima olib bordi?

Belarus rasmiylari Rossiyadan 500 million AQSH dollari miqdorida ikkinchi kredit o‘tkazmasini olganligi to‘g‘risida xabar berdi. Bu haqda BeltTA mahalliy davlat agentligi Moliya vazirligi ma’lumotlariga asoslanib yozmoqda

“0,5 milliard AQSH dollari miqdoridagi davlat moliyaviy ssudasining ikkinchi qismi bugun, 2 iyun kuni Belarus Moliya vazirligi hisob raqamlariga o‘tkazildi”, deyiladi xabarda. 

Belarus “Euroradio” esa hech qanday manbaga asoslanmasdan kredit Rossiya rublida o‘tkazilgani to‘g‘risida xabar bermoqda. 

Bir necha oy avval rasmiy Minsk Rossiyadan iyun oyida ssuda (qarz) olishi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. 

Ushbu mablag‘ Sochida Rossiya va Belarus Prezidentlari Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenkoning shaxsiy uchrashuvidan so‘ng bir hafta o‘tar-o‘tmas kelib tushdi. 

O‘sha vaqt Kremldan kelgan xabarlarga ko‘ra, Sochidagi muzokaralar chog‘ida davlat rahbarlari boshqa mavzular qatori, Minskga navbatdagi kredit o‘tkazmasi masalasiga ham to‘xtalgan. 

“Pulni o‘tkazishga hech qanday to‘siqlar yo‘q, barchasi kelishib olindi”, degan edi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov 30 may kuni. 

Ma’lumot uchun, o‘tgan 2020 yilning sentyabr oyida — Belarusda prezidentlik saylovi natijalaridan norozi bo‘lib boshlangan namoyishlar avjiga chiqqan paytda Moskvadan Minskga 1,5 milliard AQSH dollari miqdorida ssuda ajratilishi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. 

Shartnomaga ko‘ra, ushbu summa 3 ga bo‘linib, 500 millon AQSH dollaridan o‘tkazilishi kerak. Birinchi transh o‘tgan 2020 yilning dekabr oyida o‘tkazildi. Ikkinchisi mana 2021 yilning iyunida amalga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, Belarus Prezidenti 28 may kuni Sochiga tashrif buyurib, 3 kun Prezident Putin huzurida bo‘ldi. Bu vaqt davomida ular yopiq eshiklar ortida bir qator masalalar yuzasida soatlab suhbatlashdi. OAVga e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ular o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish va pandemiyaga qarshi kurash, Rossiya tomonidan yaqin kunlarda Belarusga 500 million AQSH dollari miqdorida kredit taqdim qilinishi hamda 23 may kuni Minskga qo‘ndirilgan Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti xususida gaplashgan.

Lukashenkoning Sochiga tashrifi chog‘ida soatlab davom etgan muzokaralardan tashqari ikki davlat rahbari o‘rtasida norasmiy uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Tafsilotlarga keladigan bo‘lsak, ular 54 metrli “Chayka” yaxtasida Qora dengizida sayohat qilgan. Qayd etish kerakki, Lukashenkoga kenja o‘g‘li Nikolay hamrohlik qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing