Lukashenko Putinga qora chamadonda nima olib bordi?

Olam

image

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvga qora chamadon olib borgandi. Uning ichida Belarus maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlangan tahliliy materiallar bo‘lgan. Bu haqda Lukashenko bugun, 1 iyun kuni Minskda bo‘lib o‘tgan Rossiya bilan hamkorlik bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Agar biz ushbu chamadondagi barcha hujjatlarni efirda ko‘rsatganimizda, ehtimol juda ko‘p suhbatlar va muhokamalarga sabab bo‘lar edi”, deydi u.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, tomonlardan biriga tegishli u-bu masala ko‘tarilgan vaqtlarda, Prezidentlar o‘rtasida bunday tahliliy materiallar bilan o‘zaro almashish amaliyoti anchadan beri ishlab kelmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu hujjatlar Belarus va Rossiya atrofidagi vaziyatga, AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqalarning Xitoyga nisbatan munosabatiga aloqador.

“Bu bizning bo‘limlarimiz, maxsus xizmatlarimning tahliliy materiali edi va men buni Prezident Putinga anchadan beri ko‘rsatmoqchi edim”, deya qo‘shimcha qildi Belarus davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Belarus Prezidenti 28 may kuni Sochiga tashrif buyurib, 3 kun Prezident Putin huzurida bo‘ldi. Bu vaqt davomida ular yopiq eshiklar ortida bir qator masalalar yuzasida soatlab suhbatlashdi. OAVga e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ular o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish va pandemiyaga qarshi kurash, Rossiya tomonidan yaqin kunlarda Belarusga 500 million AQSH dollari miqdorida kredit taqdim qilinishi hamda 23 may kuni Minskga qo‘ndirilgan Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti xususida gaplashgan.

Lukashenkoning Sochiga tashrifi chog‘ida soatlab davom etgan muzokaralardan tashqari ikki davlat rahbari o‘rtasida norasmiy uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Tafsilotlarga keladigan bo‘lsak, ular 54 metrli “Chayka” yaxtasida Qora dengizida sayohat qilgan. Qayd etish kerakki, Lukashenkoga kenja o‘g‘li Nikolay hamrohlik qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

239

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing