Po‘stagi qoqilgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Aziza Umarovaga javob berdi
Jamiyat
−
12 iyul 2019
15516Bir necha kun avval “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga nisbatan tanqidlar yana avjiga chiqqani, Smartgov Consulting byurosi ijrochi direktori, jamoatchilikka ijtimoiy tarmoqlardagi postlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan tadbirkor Aziza Umarova ham Facebook’dagi sahifasida “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning “po‘stagini qoqqani” haqida xabar bergan edik.
Aziza Umarova o‘z postida O‘zbekistonda oddiy odamlar ta’tilda xorijga ucha olmasligini, chunki monopol-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchi qo‘ymasligi va O‘zbekistonda charter reyslar, loukosterlar va mahalliy muqobil aviakompaniyalar yo‘q ekanligi haqida aniq faktlar keltirib o‘tgan edi.
Bu tanqidga javoban “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi maxsus bayonot bilan chiqdi.
Malum bo‘lishicha, “O‘zbekiston havo yo‘llari” yaqinda milliy aviatashuvchi biletlariga narx belgilash, charter va muntazam parvozlar tushunchasini o‘zgartirish va mamlakat fuqaro aviatsiyasi bilan bog‘liq boshqa masalalar ko‘tarilgan bir nechta maqola va postlarni diqqat bilan o‘rganib chiqqan.
“Milliy aviakompaniya o‘zini O‘zbekiston Respublikasining korporativ fuqarosi deb biladi va bugungi kunda jamoa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” oldiga qo‘yilgan va soha infratuzilmasini tubdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirish ustida ishlamoqda. Biz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha nashr va chiqishlarni bizga xizmat sifatini yaxshilashga yordam beradigan jamoatchilik fikrini aks ettiruvchi ko‘zgu deb bilamiz.
Biroq, fuqaro aviatsiyasi, jumladan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga tegishli ba’zi jihatlarni noto‘g‘ri sharhlayotganlar ham bor. Biz maqolalar mualliflari, blogerlar, onlayn-nashr va ommaviy axborot vositalari vakillarini yig‘ib, ularning savollariga yuzma-yuz uchrashuvda javob berishga tayyormiz. Hozir esa, shu kunlarda yuzaga kelayotgan savollar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumot tarqalmasligining oldini olish maqsadida javob berishni joiz deb, topdik.
Aziza Umarovaning ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan materiallaridan: “Oddiy odamlar ta’tilda xorijga ucha olmaydi, chunki monopol-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchi qo‘ymaydi”.
2018 yilga kelib O‘zbekistonga uchadigan xorijiy aviakompaniyalarning soni 2017 yilga nisbatan 14 dan 18 gacha (28% ga) ortdi. Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan reyslar soni 6 833 dan 9657 ga (41% ga) o‘sdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasidan tashqari, xalqaro havo tashish bozorida o‘n sakkizta xorijiy aviakompaniya dunyoning 9 ta mamlakatidan O‘zbekiston Respublikasining Toshkent va boshqa aeroportlariga tijoriy qatnovlarni amalga oshiradi. “Aeroflot“, Asiana Airlines, Korean Air, China Southern, Kam Air, Rossia, S7, Turkish Airlines, Ural Airlines,Yakutiya, NordWind, Red Wings, Iraero, Buta Airways (Azal Airlines), Somon Air, Fly Dubai, UTair shular jumlasidan. Misol tariqasida O‘zbekiston va Qozog‘istonga parvoz qiluvchi xorijiy aviakompaniyalarning qiyosiy jadvalini keltirish mumkin.
2019 yildan boshlab Fly Dubai (BAA) va Buta Airways (Ozarbayjon) kabi loukoster aviakompaniyalar O‘zbekistonga parvoz qilishni boshladi.Rossiya Federatsiyasidan past byudjetli aviakompaniyalar tamoyili asosida Red Wings, NordWind va Yuteyr parvoz qilmoqda.
2019 yilning yozidan sayohat agentliklari bilan birgalikda Sharm-el-Shayxga arzon narxlardagi yo‘llanmalarni taklif qilayotgan “AlMasria” (Misr) charter aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.
Bizning aviatashuvlar bozorida bunday aviakompaniyalar ishlayotganini bilamiz va ularni sanab, nomini keltirish marketing va reklama nuqtai nazaridan to‘g‘ri emasdir. Har bir aviakompaniya bozorda o‘zini o‘zi taqdim etishi kerak. Biroq, biz O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lum bir nashrlardan so‘ng noto‘g‘ri fikr shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bunga jur’at etdik.
Qayd etilgan aviakompaniyalarning parvozlar geografiyasi va qatnovlar soniga qarab, aksariyat yo‘nalishlarda biz ular bilan tenglik asosida ishlayotganimizga ishonch hosil qilish mumkin.
Ya’ni, xorijiy aviakompaniyalar va “O‘zbekiston havo yo‘llari“ aviakompaniyasi tomonidan u yoki bu shaharga amalga oshirilgan qatnovlar soni bir xil. Yo‘lovchilarda esa, tanlash imkoniyati mavjud. Yunalishlarda bevosita raqib bo‘lmagan holatda xorijiy aviakompaniyalar muqobil, ya’ni alternativa sifatida tranzit tashuvlarni taklif etmoqda. Bu qanday tamoyil asosda shakllantirilishi quyida aks ettiriladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Italiya, Latviya, AQSH, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning aviatashuvchilari O‘zbekistonga tenglik asosida qatnovlarni amalga oshirish uchun to‘la huquqqa ega va mamlakatimiz yuridik jihatdan ularga rad javobini bermaydi.
A.Umarova fuqarolarning ta’tilga uchib keta olmasligining sababini topdi: “Oddiy fuqarolar ta’tilda xorijga ucha olmaydi, chunki monopol-aviatashuvchi O‘zbekistonga raqobatchi qo‘ymaydi”. Va bunda Turkiya alohida qayd etilgan. Shu joyda muallifning ushbu fikrlar va qarashlariga nisbatan kelishmaslikni o‘zimizga ep bildik. Ushbu yo‘nalishda Turkish Airlines bilan juda jiddiy raqobat bor. Ular, nafaqat Toshkentga/dan, balki Samarqandga/dan ham qatnovlarni amalga oshiradi (yana raqobatchimiz haqida gapiryapmiz, bunga bizni Internet tarmog‘idagi bahs-munozaralar majbur etdi). Shuningdek, Istanbulga qiyosiy narxlar jadvalini keltirib o‘tamiz.
Fikrlovchi mushtariy O‘zbekiston bozorida raqobatning rivojlanishiga MAK to‘sqinlik qilmayotganini osongina anglashi mumkin, chunki Milliy aviakompaniya xorijiy aviatashuvchilarning O‘zbekistonga parvoz huquqini taqiqlovchi dastakka ega emas. Ushbu vakolatlar O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga yuklatilgan.
Bundan tashqari, uning matnida yana quyidagi so‘zlar keltirilgan: “Bizda charter reyslar, loukosterlar va mahalliy muqobil aviakompaniyalar yo‘q. (Xohlovchilar juda ko‘p)”. Respublikada alternativ aviakompaniyani yaratish masalasi MAK vakolatiga kirmaydi. Bunda “O‘zbekiston havo yo‘llari“ni ayblash noto‘g‘ri deb, hisoblaymiz. Aviakompaniya O‘zbekiston bayrog‘i ostida yo‘lovchi va yuk tashuvlarini amalga oshiradi, parvozlar geografiyasini kengaytiradi hamda havoda va yerda yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlaydi.
Monopol aviatsiya xizmatlari borasida shuni ta’kidlashni istardikki, MAK faqatgina ichki yo‘nalishlarda yagona aviakompaniyadir (monopoldir). Agar kimdir mamlakat ichida tashuvlarni tashkil etish bo‘yicha taklif bilan chiqsa, bunda ham MAK bu jarayonga qarshilik qila olmaydi. Shu bilan birga, fuqarolar hozirgi paytda MAK raqobatlashayotgan yer usti transportidan foydalanish imkoniyatiga egalar.
Endi charter qatnovlarga to‘xtalsak. Post muallifi: “Har yoz mavsumida maftunkor “Havo yo‘llari”miz Antaliyaga amalga oshiradigan standart reysini “charter” deb atab, unga chiptalarni Istanbulgacha bo‘lgan reys qiymatida sotadi. Joylar esa doim aniq bir turfirma orqali bron qilinadi”.
Keling, charter nima ekanligiga aniqlik kiritaylik. Charter qatnovlari sayyohlik operatorlari tomonidan sayyohlik mavsumi davomida tashkil etiladi, muntazam qatnovlar esa, aviakompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi.
Yozgi mavsumda mahalliy sayyohlik agentliklari charter qatnovlariga buyurtma berish uchun Milliy aviakompaniyaga murojaat qilishadi. Odatda, Antaliya, Bodrum, Issiqko‘l kabi mashhur yo‘nalishlarga qatnovlar amalga oshiriladi. Aviakompaniya majburiyatiga samolyot, uchuvchi tarkibi xamda parvoz xavfsizligini ta’minlash kiradi. Yo‘lovchilar uchun aviatashuvning yakuniy narxlanish masalasi bilan sayyohlik agentliklari shug‘ullanadi. Charter qatnovining asosiy buyurtmachisi joylarning bir qismini boshqa sayyohlik agentliklariga sotishga haqli.
Shuning uchun, “har yoz mavsumida biz sevgan” “Havo yo‘llari” so‘zini “Antaliyadagi standart parvoz” deb atashadi ...”, kabi iboralarni keltirish noto‘g‘ri. “Havo Yo‘llaridan charter” deb ta’kidlash - bu tushunchalarni” ochiq chalkashtirish” nega kerakligi tushunarli emas. Keyin shunday jumla keltirilgan: “O‘zbek turfirmalari o‘tgan safar o‘zlari charter reyslarni yo‘lga qo‘yishni taklif etgandi, biroq ular qat’iy rad javobini oldi. Faqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” uchadi”. Bu nimani anglatishini tushunish uchun bu jumlani bir necha marta qayta o‘qish kerak bo‘ldi. Ammo, biz muallif vaziyatni to‘liq anglamagan yoki o‘quvchilarni noto‘g‘ri talqin bilan aldashga urinmoqda, degan xulosaga keldik.
Mahalliy aviakompaniyaga ichki qatnovlardagi aviachiptalar narxi borasida ham savollar ko‘p. Xususan, fuqarolarda respublika ichida raqobat yo‘qligi uchun MAK yuqori narxlarni belgilamoqda, degan fikr tug‘ilmoqda. Quyidagi jumlani o‘qib, aksariyat kishilar buni haqiqat, deb qabul qilishlari, va ehtimol, samolyotda uchishdan bosh tortishlari mumkin, agar o‘zlari shaxsan ma’lumotni tekshirmasalar : “Gap faqat Turkiya qirg‘oqlari haqidagina emas. Siz va bizning hayotimiz haqida mulohaza yuritmoqdamiz. Nukusdan Toshkentgacha bo‘lgan chiptalar 100 dollardan ortiq turishi haqida”.
O‘zini hurmat qilgan har qanday jurnalist yoki shaxs muayyan faktlarni yoki raqamlarni keltirishdan oldin, albatta, ma’lumotni qayta-qayta tekshirib, to‘liq va ishonchli ma’lumotni taqdim etadi. Bu holatda, A.Umarova saytning bronlash bo‘limiga kirish uchun vaqt topa olmaganga o‘xshaydi. Saytda hamma ma’lumot ochiq. Biz erinmasdan biletlarni sotib olish va bronlash saytlaridan Nukus-Toshkent qatnoviga skrin tasvirlarni oldik. Masalan, 15 iyul kuniga bronlashning hamma 10ta klassi (iqtisod klass) sotuvda, eng arzonidan (404391 so‘m, ya’ni taxminan $47 dollar), to eng qimmatigacha (924322 so‘m. $ 107). Barcha narxlarni quyidagi rasmda ko‘rishingiz mumkin. Xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda, har bir tarif uchun ma’lum joy ajratilgan. Tabiiyki, fuqaro qancha vaqtliroq, ya’ni oldinroq aviachipta sotib olsa, bilet shuncha arzon tushadi. Qatnov kuni yaqinlashgan sari tariflar qimmatlashadi. Nima uchun muallif fuqarolarni aynan va faqat eng qimmat narx haqida xabardor qilayotgani uning vijdoniga havola.
Ko‘rinib turibdiki, eng past va eng yuqori tariflar orasida bir necha takliflar mavjud. Parvoz vaqti - 1 soatu 20 minut.
O‘zbekiston va Qozog‘istonning aviatsiya bozoridagi, masalan, Toshkent - Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxini ko‘rib chiqamiz (parvoz vaqti 50 min.). Aviasales.uz saytida ushbu yo‘nalishda $ 21 evaziga biletlar mavjud.
MAK veb-saytida - $ 11
Qozog‘istonda xuddi shunday yo‘nalishda ikkita aviakompaniya “Nur-Sulton-Pavlodar“ qatnovlarini amalga oshiradi, parvoz vaqti 50 daqiqa. Aviasales.uz saytida aviachiptalar $ 49 va $ 118 dan sotuvda.
aviachiptalarni aviakompaniyalar sayti orqali sotib olish quyidagicha: ($ 1 = 382,693 dollar) $ 40,65 va $ 112. Bu eng arzon tariflar. (ma’lumot skrinlarda.)
Xulosa chiqaring.
Yana bir misol. Urganch - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi 385 ming so‘mdan boshlanadi. Parvoz vaqti - 1 soatu 30 min. Biroq, “Nur-Sulton - Almati“ yo‘nalishi bo‘yicha eng arzon aviachipta o‘sha sana va o‘sha parvoz vaqti bilan (1 soat 35 min.) - 344 ming so‘mni tashkil etadi. Ushbu narx Qozog‘iston loukosteri tomonidan taqdim etilgan. E’tibor bering, loukoster. Barcha ko‘rsatilgan narxlarni ochiqlikcha tekshirish mumkin.
Biroq, MAKning ichki yo‘nalishlar bo‘yicha rejalariga qaytgan holda, ta’kidlaymizki, hozirgi vaqtda qatnovlar sonini oshirish va tariflarni qo‘shimcha optimallashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
“Viloyatlardagi yopiq yoki bo‘sh aeroportlar haqida“. Bunday iborani og‘riqsiz o‘qish mumkin emas, agar haqiqiy vaziyat bilan tanish bo‘lmasang. O‘zbekistonda 11 ta aeroport mavjud: Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Urganch, Navoiy, Termiz, Qarshi va Nukus shaharlarida. 2019 yilning 1-yarim yilligi natijalariga ko‘ra, viloyat aeroportlaridan (Toshkent shahridan tashqari) 9302 qatnov amalga oshirilib, 969,427 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan, 2018 yilning shu davrida esa, 8 620 ta qatnov amalga oshirilib, 717629 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Quruq statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili MAK Qarshi shahriga uchmagan bo‘lsa-da, (ammo aeroport shtat rejimida faoliyat yuritgan va xorijiy aviakompaniyalar qatnovlarini qabul qilgan) va uchish-qo‘nish yo‘lakchasi samolyotlarni qabul qila olmaganligi sababli Andijon aedromi vaqtincha yopiq bo‘lganligiga qaramasdan, boshqa barcha aeroportlarning ishlab-chiqarish ko‘rsatkichlari o‘sdi.
Ma’lumot uchun: 27 iyuldan boshlab Qarshiga/dan aviakompaniyaning xalqaro va mahalliy qatnovlari rejalashtirilgan.
Hozirgi vaqtda Termiz va Andijon aeroportlarida uchish-qo‘nish yo‘laklarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish maqsadida Nukus aeroportida “ochiq osmon“ tamoyili joriy etilgan. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, bu tamoyil respublikaning boshqa mintaqaviy aeroportlarida ham qo‘llaniladi.
A.Umarovaning yozganini o‘qish alamli va achinarli: “Rossiyadagi mehnat muhojirlari bilan qaytayotgan (Qozog‘iston dashtlari orqali yurganda tiriklay insonlari bilan yongan avtobuslar to‘g‘risida emas) samolyotda uchadigan kam xarajatli aviakompaniyalar haqida gaplashmoqdamiz”
Uni so‘zlarida aholining barqaror kayfiyatini buzishga urinishni ko‘rish mumkin. Sodir bo‘lgan voqea – oilalardagi katta fojiadir, ammo bu hodisani aviakompaniya bilan bog‘lash mumkin emas. Bunday falokat har qanday yo‘nalishda, nafaqat xalqaro avtobus yo‘nalishida, balki istalgan mamlakatning ichki yo‘nalishida ham sodir bo‘lishi mumkin. Aksariyat mamlakatlarda, loukosterlar bo‘lsa ham, fuqarolar avtobus tashuvlaridan (AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va boshqalar) faol foydalanadilar.
Agar xalqaro qatnovlardagi aviachiptalarning narxiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘plab yo‘nalishlarga (Moskva, Sankt-Peterburg, Qozog‘iston, Seul, Dushanbe) qatnovlar soni oshirildi va barcha turdagi xarajatlar (aviatsiya kerosinlari, aeroportlar, aviakompaniya to‘lovlari) oshganiga qaramasdan, MAK o‘z tariflarini pasaytirmoqda. Rossiya Federatsiyasining shaharlarida ishlayotgan yurtdoshlarimiz uchun mavjud tariflar bo‘yicha 50% gacha chegirmalari taqdim etilmoqda.
“Mana “Havo yo‘llari”ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovi va parvozi va “Air Astana” ning Almati orqali qatnovi uchun narxlar. Nega to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov to‘xtab o‘tish bilan amlaga oshiriladigan qatnovdan qimmat? Chunki aksariyat yo‘nalishlarda (nafaqat Tbilisi) Almatiga uchib borish (yoki masalan Chimkentdan) Toshkentdan qaraganda arzon? Chunki u yerda raqobat, bizda esa, monopoliya” - bu Yuliy Yusupov postidan iqtibos. U aviatashuvlar sotuvi bo‘yicha saytdan skrin joylashtirgan.
Shunisi qiziqki, muallif o‘sha 4 yo‘lovchi uchun Almatidan Tbilisiga bo‘lgan to‘g‘ridan -to‘g‘ri qatnov narxiga qaramagan.
Bu haqiqatan ham, aniqlashtirishni, tushuncha berish zarurligini talab etuvchi mavzu.
Buning uchun esa, shu o‘rinda raqobat sharoitida ko‘pgina aviakompaniyalarning marketing siyosati qanday ko‘rilishi haqida gapirib o‘tish zarur.Aviakompaniya tranzit yo‘lovchilarnito‘g‘ridan-to‘g‘ri bajariluvchi qatnovlardagi bo‘sh joylarni to‘ldirish uchun jalb etadi.
Shunday sharoitda xorijiy aviakompaniya uchun boshqa mamlakatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchuvchi yo‘lovchilarni to‘xtab o‘tish bilan bajariladigan qatnovlarga jalb qilishning yagonauslubi - bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov bajaruvchi aviatashuvchi narxlariga nisbatan arzon tariflarni taklif etishdir.
Yuliy Yusupovda keltirilgan 4 yo‘lovchi Toshkentdan Tbilisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar orqali 3 soatu 40 minutda, 12 mln. 131 ming so‘m narx evaziga uchib borish imkoniyatiga ega. Almati orqali uchish bilet narxi 11 mln 751 so‘mni tashkil etadi. Bunda parvoz vaqti 8 soat 20 daqiqa va ortga 21 soatu 55 daqiqani tashkil etadi. Demak, to‘rt yo‘lovchi uchun 380 ming so‘m tejaladi.
Almatidan Tbilisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz narxi Toshkentdan Tbilisiga qaraganda o‘sha sana va shuncha yo‘lovchi uchun qimmat bo‘ladi, yani 13 mln. 809 ming 786 so‘mni tashkil etadi.
Shulardan kelib chiqaqan holda, hurmatli mualliflar, biz sizlardan ma’lumotni ob’ektiv yendoshgan holda o‘rganib, so‘ngra keng ommaga xolisona yetkazishingizni so‘raymiz.
Qayd etish joizki, ushbu maqola aviakompaniya mutaxassislarini asosiy xizmat vazifalari barobarida vaqt ajratgan holatda tayyorlandi. Biz ijtimoiy tarmoqdagi aviakompaniyaga nisbatan bo‘layotgan ayblovlarga javoban indamasligimiz mumkin edi. Lekin biz Milliy aviatashuvchini yo‘lovchilar, matbuot va ijtimoiy tarmoq ishtirokchilari bilan faol muloqotgakirishgan holda o‘z ish uslubini sezilarli darajada o‘zgartirgan O‘zbekistonning korporativ fuqarosi, deb hisoblaymiz. Sizning taklif-mulohazalaringiz har doim inobatga olingan va bundan keyin ham olinadi. Aviakompaniya va aeroportlar bo‘yicha barcha ma’lumotlar bizning e’tiborimizda. Agar aviakompaniyada aybli holatlar bo‘lsa, ularni to‘g‘rilash chora-tadbirlari ko‘rib chiqiladi.
Lekin, haqiqat atayin qoralab ko‘rsatilsa, biz shunga yarasha javob qaytarish hamda to‘g‘ri va aniq ma’lumotni yetkazishga mas’ulmiz. Biz mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi materiallarni chop etuvchilar aniq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi uchun yuqorida zikr etilgan postlar va boshqa maqolalar mualliflari bilan uchrashishga, barcha savollarga javob berishga tayyormiz”, deyiladi MAK bayonotida.
LiveBarchasi