Pulini aytolmayman — Jaloliddin Manguberdi serialining rejissyori bilan eksklyuziv intervyu
Intervyu
−
22 noyabr 2019
13059QALAMPIR.UZ Turkiyada bo‘lib, “Tirilish. Erto‘g‘rul”, “Qurilish Usmon” seriallarining ssenariy muallifi va prodyuseri Mehmet Bo‘zdog‘ bilan uchrashdi. U ayni vaqtda O‘zbekiston tarafining buyurtmasi bilan suratga olinayotgan Jaloliddin Manguberdi serialiga ham boshchilik qilmoqda.
— Bugun bizga vaqt ajratganingiz, serial olinayotgan hudud bilan tanishtirganingiz uchun rahmat! “Tirilish. Erto‘g‘rul” serialini suratga olish g‘oyasi qayerdan keldi?
— Avvalambor yo‘l bosib O‘zbekistondan bu yerga kelganingizdan baxtiyor bo‘ldik. Bizning tasvirga olish maydonimiz o‘zbek qardoshlarimiz uchun doim ochiq.
Bundan 10 yil avval, universitetning tarix fakulteti talabasi bo‘lgan chog‘larim Usmoniylar davlati qurilishi meni qiziqtirib qo‘ydi. U vaqtlar maqola yozib, uni chop ettirdim. Bu maqola qanday qilib turklar Onadoluga keldilar, xristianlar, mo‘g‘ullar, Onadoluning o‘troq aholisi bor bo‘la turib, XIII asrda xristianlar, mo‘g‘ullar yoki Vizantiya emas, biz turklar qanday qilib bu yerlarda davlat qura oldik, bu davlat esa olti asr davom etdi, bu davlatning qurilishida qanday hikoya, uning zamirida qanday ijtimoiy sabablar bor, qurilish davrining dinamikasi nima degan savollarga to‘la edi. Tarix fakultetini tamomlaganimdan keyin esa kino bizni qiziqtirib qo‘ydi. Ssenariylar yozishni boshladik. Ssenariylarimiz juda ma’qul keldi. Usmoniylar davlatining qurilishi bilan bog‘liq kelishuvlar imzoladik. So‘ng TRT telekanalining taklifi bilan “Tirilish. Erto‘g‘rul” ssenariysini yozdik. Loyiha juda ma’qul keldi va zudlik bilan uni amalga oshirishimiz kerakligini aytdilar. Biz esa qisqa fursat ichida ssenariyni yozishni boshladik. Oldimizda faqat ssenariyni yozish emas, balki xayolimizdagi voqealarni qanday qilib ssenariy xoliga keltirishdek masala turgandi.
Siz dunyoni qurishni xayol etyapsiz... Ammo bu o‘tovlar qanday quriladi, otlar qanday yetishtiriladi, jang sahnalarini tasvirga olishda nimalarga e’tibor berishimiz kerak kabi sanoqsiz savollar bor edi. Biz “Tirilish. Erto‘g‘rul”ni boshlamagunimizcha Turkiyada bu kabi yirik loyihaga qo‘l urilmagan edi. Hatto, o‘tovlarni qurishda juda qiynaldik. Kino va seriallar uchun o‘rgatilgan otlarimiz ham yo‘q edi. Biz bir tarafdan hikoyani ekranga ko‘chirib, bir tarafdan bu ishning industriyasini qurdik. Barcha otlarni sotib oldik, bu otlarni tasvir uchun yetishtirishga alohida murabbiy yolladik. 9 oy davomida faqat otlar o‘rgatildi. Chunki otlarning birga yugurishi, birga to‘xtashi, kamerani begonasiramasliklari juda muhim edi. Ommaviy sahnalarda xurkmasliklari kerak edi. Shuning uchun ham ular alohida o‘rgatildi. Eng kichik detallarni ko‘zdan qochirmadik. O‘tovlar, taxta qoshiqlar, qilichlar, o‘tovning ichidagi aksessuarlarni yangidan qildik. Liboslarni yangidan tiktirdik. O‘sha davrni tasvirlash uchun liboslarning matolarini topishga harakat qildik. Yangidan matolar to‘qitdik.
9 oydan keyin aktyorlarni tanlash ishlari boshlandi. Bu mening ilk ishim bo‘lgani uchun ko‘pchilik ishonmadi. Hikoyangiz chiroyli, hamma ish o‘z o‘rnida, ammo siz bu ishni qanday eplaysiz, bugungacha bunday ishga qo‘l urmagansiz, deyishdi. Bu jarayon uzoq vaqt talab etdi. Chunki odamlarni, hatto, xayol etmagan loyihaga taklif etish haqiqatan ham juda qiyin. Bunday qiyinchilik bir qancha insonning boshidan kechadi, xolos. Men esa o‘shanda endigina 30 yoshda edim.
— Har inson xayol etgani qadar insondir...
— To‘g‘ri, chiroyli fikrlar. Inson xayol qilsagina bor. Shukrki, muvaffaqiyatga erishdik. Turklarda ostidan kirib, ustidan chiqdik, degan gap bor. Odamlarni ko‘ndirishni bajardik. “Tirilish. Erto‘g‘rul” ekran yuzini ko‘rganda, dunyoda va ijtimoiy tarmoqlarda birinchi o‘ringa chiqdi. Tomosha qilganlar hayratda qoldi. U vaqtlar birinchilikni oldik va shukrki, buni doim himoya qilib keldik.
Aslida bu sizu bizning hikoyamiz. O‘zbeklar, qirg‘izlar, turkmanlar – turk dunyosining hikoyasi. Chunki, hammamizning ajdodlarimiz o‘tovlarda yashadi. Ko‘chmanchi xalqlar edik. Urf-odatlar, mashvarat va maslahatlashuvga asoslangan xalqlar edik. Tarix, geografik omillar bizni ayirsa ham hammamiz O‘rta Osiyodan tarqalganmiz. Shuning uchun ham bu loyiha hammamizniki.
— Maktabda, ta’lim dargohida tarixni o‘rganamiz. Ko‘p hollarda o‘qiganimiz xotiramizda qolmaydi. “Tirilish. Erto‘g‘rul”da butun dunyo Orta Osiyo xalqlari tarixini yangidan kashf etdi. Bunda serialning roli katta bo‘ldi.
— Aslida biz turklarning dunyoga aytadigan juda ko‘p gapi bor. Ayniqsa, o‘zbeklarning. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Husayn Boyqaro, Mirzo Ulug‘bek, Zahriddin Muhammad Bobur, Boburiylarning Hindistondagi buyuk davlati, sanoqsiz me’moriy obidalar, buyuk san’at ustalari... Bu tarafda g‘arbiy turklar Venaning ichigacha kirib borgani. Naq sakkiz asr jahonni boshqargan millatlarmiz. Buyuk olimlar bizdan dunyoga yuz tutdi. Tibbiyot ilmiga hissa qo‘shdik. Biroz vaqt mag‘lubiyatni boshdan kechirdik, ammo shukrki yana tirilyapmiz. “Tirilish. Erto‘g‘rul” esa hammamizning tariximizni yangidan jonlantirdi va buni uddalay olishimizni ko‘rsatdi.
Men bir tarafdan Usmoniylar tarixini, bir tarafdan Amir Temur tarixini o‘rgandim. Diplom ishimda Temur haqida yozdim. Unda Samarqand, Buxoro, Xiva haqida aytilgan. Men hali “Tirilish. Erto‘g‘rul”ni boshlamasdan oldin Yaratgan meni u zaminning tarixi bilan tanishtirdi. Ulug‘bekning xazinasi, Boburning tarixini qayta-qayta o‘qib zehnimiz va ko‘nglimizga joyladik. Amir Temurning buyuk liderligi, Jaloliddin Manguberdining qahramonligi, Husayn Boyqaroning devon suhbatlari, shoir Alisher Navoiyning she’rlari... Bir madaniyatni yuragimizga zargardek terdik. Doim xayol qilardim. Makka va Madinadan keyin juda ko‘rgim kelgan shaharlarimdan biri Samarqand edi. Yaratganga shukrlar bo‘lsin, o‘tgan safar borganimda ko‘rdim. Registon maydoni hayratlanarli. Dunyoda uch madrasaning bir-biriga qarab turgan boshqa maydon yo‘q. Bu nima degani. Bu Samarqand ilm shahri degani. Hech bir shaharda bunday xususiyat yo‘q. Va uni quruvchilar shu qadar chiroyli qurganlarki...
— Samarqand dunyoning marvaridi deyishadi.
— To‘g‘ri. Buxoro va Xiva ham hayratlanarli shaharlar. Eng katta yutuq bilasizmi nimada? Dunyoda juda ko‘p tarixiy asarlar jiddiy zarar ko‘rib, yo‘q bo‘layotganda, Samarqand, Buxoro va Xiva qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlab qolingan. Ularni ko‘p bor restavratsiya qilishibdi. Oxirgi uch yilda O‘zbekistonning dunyoga ochilishi ortidan insoniyat muazzam bir xazinani kashf etishni boshlayapti. Bu munosabatlar yanada mustahkamalanadi va rivojlanadi. Menimcha, butun dunyo, ayniqsa, turklar va musulmonlar bu zaminni mutlaqo ziyorat qilishlari kerak. Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Amir Temur maqbaralari va qanchadan-qancha me’moriy obidalarni ko‘rdim. Ko‘rganlarimdan esa hamon hayratdaman.
— Borib ko‘rish uchun sabablar ko‘p demak...
— Mutlaqo borish kerak. Mutlaqo ko‘rish kerak. Bu makonlarni ko‘rganingda tarix bilan yuzlashasan. Men hayratda qoldim. Samarqandga rafiqam va to‘rt yoshli o‘g‘limni ham olib bordim. Samarqandda ko‘rganlarimiz ularning xotirasida alohida o‘rin topdi.
— Fursatdan foydalanib men sizga “Tirilish. Erto‘g‘rul” serialida Samarqand va Buxoro shaharlari Islom olamining muqaddas shaharlari deb bir necha bor e’tirof etilgani uchun minnatdorlik bildiraman.
— Usmonda ham aytamiz. U yerlar mening qalbimda. Men Samarqand va Buxoroni juda yaxshi ko‘raman. Movarounnahr zamini bizning turk-islom madaniyatining asosi. Serialda Imom Moturidiy hazratlarini qayta-qayta tilga olganmiz.
— Turklarda hali ham din, ham dunyo, ham tarixni jamlagan bunday serial bo‘lmagan edi.
— Aslida o‘z tariximizdan uzoq millatmiz. Tariximizni unuttirishga harakat qildilar. Butun turk-islom dunyosida shunday bo‘ldi. Chunki tarix xotirani uyg‘otadi. Uyg‘ongan xotira esa odamlarni harakatga keltiradi. “Tirilish. Erto‘g‘rul” shunga xizmat qildi. Bizning bundanda buyuk xayollarimiz bor. O‘g‘uzxon haqida film olishni istayman. O‘g‘uzxon turk bo‘ylarining otasi. Eng katta xayollarimdan biri O‘g‘uzxon edi. O‘rta Osiyoda loyiha qilish niyatim bor edi. O‘zbekistondan taklif tushdi. Muhtaram Prezidentingizning topshirig‘i bilan Madaniyat vaziri o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov bizni taklif qildi. Jaloliddin Manguberdi va Chingizxonning hikoyasini ekranga ko‘chiramiz. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek haqida film suratga olishni istayapman. Bu mening eng katta orzularimdan biri. Boburnoma asosida hujjatli film suratga olishni ham istayman. U dunyoda iz qoldirgan eng buyuk liderlardan biri. O‘zbeklarda ko‘p yillar Hindistonni boshqargan Bobur haqida asarlar bor. Bobur inson xotirasini qaytadan uyg‘otadi va unda odamlarga meros bo‘lib qolgan, aytilishi kerak bo‘lgan gaplar bor. Bir liderning dunyosiga, qalbiga, ruhiga sayohat qilamiz. Shuning uchun ham men O‘rta Osiyoda juda ko‘p loyihalarni amalga oshirishni istayman. Bulardan biri – Imom Moturidiy hazratlarining hayoti haqidagi hikoya. Tarixga nazar solsak, “Buyuk ipak yo‘lining” qalbi – O‘zbekiston. O‘z vaqtida samarqandlik va buxorolik san’at ustalarining yaratgan muazzam asarlarini bugun biz film o‘laroq ko‘rsatishimiz kerak. Kinoning bugungi vazifasi bu. Bizning g‘oyamiz esa bu loyihalarni amalga oshirish.
— O‘z tarixiga ega chiqishni o‘rgatish uchun nima qilish kerak?
— Ayni vaqtdagi eng katta masalalarimizdan bir shu: g‘arb dunyosi hamma sohada jahonni boshqardi. Endi esa odamlar, hatto, ular kabi ovqatlanishga, ular kabi kiyinishga intilyapti. Ular odamlarni o‘rgatyapti. Yevropa buni yomon niyatda qilmayapti. Biz esa ularga o‘xshash uchun kimo‘zar o‘ynayapmizki, bir muddat o‘tgach, o‘zligimizdan uzoqlashishga yetdik.
Rafiqam bilan O‘zbekistondaligimizda bir dizaynerning yoniga bordik. U o‘zbek matolaridan ayollar uchun juda chiroyli liboslar tikkan. Ular g‘arb modasidan ancha ustun. Ayni vaqtda yoshlar faqat tarixga emas, o‘z madaniyatimiz, taomlarimiz, liboslarimizga egalik qilishi kerak. O‘zbek dizaynerining liboslari g‘arbning ko‘plab dizaynerlari tikkan liboslardan ancha chiroyli, deb aytdim. Ammo biz kiymayapmiz. Bunda liderlar, san’atkorlarga juda katta vazifa yuklanadi. Nega o‘z milliyligimizdan uzoqlashishimiz kerak? Tarixdan kelgan bebaho musiqiy, ilmiy merosimiz bor. Bularga egalik qilib, tajribamizda qo‘llashimiz kerak.
Nega O‘zbekistonda xorijiy tillarda shaharchalar, inshootlar qurilmoqda? Afsuski, Turkiya bu masalada juda katta iztiroblar chekadi. Turkiyada hozir shahardagi har inshoot begona tillarda nomlangan. Sizning o‘z san’atingiz, milliyligingiz, madaniyatingiz yo‘qmi, boshqa madaniyatlarga oid nomlarni hayotingiz bo‘lagiga aylantirdingiz. Rimga oid nomlar bugun Istanbuldagi savdo majmualari peshtoqida turibdi. Aybga buyurmang, ammo Fotih Rimni fath etish uchun Yevropaga yurish qildi. Amir Temurning avlodlari jahonni fath etish uchun jangga kirdi. Temurning avlodlari va Fotihning nasllari bobolarining raqibiga o‘xshash uchun kimo‘zar o‘ynasa, Temur va Fotih qabrida tinch yotmaydi. Biz ateistlar avlodi emasmiz. Biz ming yildir jahonni boshqargan madaniyatning naslimiz. Boshqaruv faqat tig‘ bilan emas, san’atda, me’morchilikda, axloqda, xullas hayotning har jabhasida bo‘lgan.
Ibn Bibidek maqbara bormi, qaysi shahar Registondek odamlarni hayratda qoldirgan? Bugun esa qarasangiz bir qancha savdo majmualarining nomi Rimdagidek. Bu yaxshilik alomatli emas. Bizning ishimiz faqat tariximizni ko‘rsatish emas, balki o‘z tarixini unutgan odamni yana o‘ziga qaytarish, unga to‘xta deyishdir. Shu bois turkchaga, o‘zbekchaga, o‘z madaniyatimizga egalik qilishimiz kerak. Aks holda ota-bobolarimizning ruxini oyoqosti qilamiz. Qahramonlaringizning ruxini oyoqosti qilsangiz buning ham bir badali bo‘ladi.
— O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tarixni tiklash, uni bus-butun avlodlarga yetkazishda katta ishlar amalga oshirilyapti. Mana, Jaloliddin Manguberdi seriali suratga olinyapti. Keling, shu haqda gaplashsak.
— Avvalo shuni aytib o‘tishim kerakki, Muhtaram Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda juda katta islohotlar amalga oshirilibdi. Va bu islohotlar shu qadar tezlik bilan amalga oshirilyaptiki, ayni vaqtda O‘zbekiston Osiyoning eng muhim davlatiga aylandi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyevni qutlash kerak, chunki tarixda qoladi. Buyuk qahramonlar va liderlar silsilasida muhim o‘rin tutadi. Alloh undan rozi bo‘lsin.
Bizni hurmatli Madaniyat vaziri o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov taklif qildi. Turk dunyosi nuqtai nazaridan juda muhim ishlarni bajaryapti. U yerga bormasimdan avval qo‘shiqlarini eshitardim. Ovozini juda yaxshi ko‘rar edim. Tanishdik, ruhini, mardligini, san’atga bo‘lgan e’tiborini yaxshi ko‘rdim. Menimcha, u turk dunyosida eng muhim o‘rin tutuvchi Madaniyat vaziri o‘rinbosarlaridan biri. Madaniyat sohasining yirik figurasi.
Taklif qilishgandan keyin 1-1,5 yildan buyon bu loyiha ustida ishlayapmiz. Bir loyihani amalga oshirish oson ish emas. Tayyorgarlik yaxshi bo‘lishi kerak. Sahnaga chiqquniga qadar hamma narsa e’tiborda bo‘lishi lozim. Bu diyor va Jaloliddin Manguberdining tarixini juda yaxshi bilar edim. Faqat mening bilishim yetarli emas. Jamoaning – liboslar dizayneri, ssenariy muallifi, tasvirchi, rejissyorning ham xabardor bo‘lishi muhim. Biz bir yildirki bu loyiha ustida jiddiy ish olib boryapmiz. Ilk ssenariyimiz tayyor bo‘ldi. Dekoratsiyalar qurish ishlari boshlandi. Ko‘rganingizdek, ko‘p dekoratsiyalarimiz tayyor bo‘ldi. Hozir yangi dekoratsiyalar qurilyapti. Dunyo miqyosidagi loyiha bo‘ladi. Tez orada tasvirga olish ishlarini boshlab yuboramiz. Yanada batafsil ma’lumotni hurmatli Madaniyat vaziri o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekovdan olasiz.
— Kimlar rol ijro etgyapti?
— Aktyorlar hali ma’lum emas. Ish ketyapti. O‘zbekistondan ham bo‘ladi, albatta. Bu loyihaga o‘zbek va turk aktyorlarini chaqirishimizdan asl maqsad o‘z tajribamizni ular bilan bo‘lishish, o‘zbek aktyorlarining tajribasidan foydalanib yaxshi bir loyihani amalga oshirishdir. Men o‘zbek aktyorlarining rol ijro etishini juda istayapman. Ozodbek aka ham juda kuchli aktyorlar nomzodini ko‘rsatdi. O‘zbekistonga borib kelganimdan keyin faqat Jaloliddin Manguberdi filmida emas, “Qurilish. Usmon” va bir qancha loyihalarimga ham o‘zbek aktyorlarini taklif qilaman. Ularga imkoniyat beramiz. Biz juda ko‘p loyihalarni amalga oshiramiz va ularda o‘zbek qardoshlarimizning ishtirok etishi bizni faqat baxtiyor etadi.
— Serialning byudjeti qancha?
— Byudjetini aytolmaymiz. Batafsil ma’lumotlarni aytganimdek Ozodbek akadan olasiz.
— Bizning aktyorlar ko‘p yillar tarixiy filmlardan uzoq qoldi.
— Bizning aktyorlar ham uzoq edi. Ammo biz ularni o‘qitamiz. Aktyorlarimizni har loyihadan 5-6 oy avval tayyorlaymiz. Maqsadimiz ular tayyor aktyor bo‘lsin. Biz ularga ot minishni, qilich tutishni o‘rgatyapmiz. Mashqlar o‘tkazib, ularga dars beryapmiz. Bir tarafdan qarasangiz bu yer dunyo miqyosidagi kinostudiya.
Juda katta tasvirga olish maydonimiz va katta texnik jamoamiz bor. Biz nafaqat yaxshi loyihani amalga oshirdik, balki bu ishning industriyasini qurdik. Va bu industriya ko‘p yillar o‘z madaniyatimiz va san’atimizga xizmat qiladi.
— O‘zbek aktyorlarining qiyofasi talablarga to‘g‘ri kelyaptimi?
— Albatta! Juda katta tajribali o‘zbek aktyorlar bor. Ayrim o‘zbek aktyorlarimiz juda yoqdi. Ular bilan o‘z tajribalarimizni bo‘lishsak, dunyo miqyosidagi loyihalarga qo‘l uradilar.
— Har holda aktyorlikdan dars bermaysiz.
— Yo‘q, faqat tarixiy darslarni olyaptilar. Qilich tutish kabi darslarni nazarda tutyapman.
Bizdan O‘zbekistonga salomlar! U yerga borganimga bir oy bo‘ldi. Ammo hozirdan u yerlarni juda sog‘indim. O‘zbekistondagi qardoshlarimizga salomlar! Tarixingizga va madaniyatingizga egalik qilishni aslo unutmang.
LiveBarchasi