Po‘lat Bobojonov Qoraqalpog‘istonda IIVning 8 xodimini ishdan oldi

Jamiyat

image

Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev ham ishtirok etdi. 

Yig‘ilishda asosiy e’tibor 2019 yil davomida va joriy yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratildi.

Jumladan, 2019 yil yakuniga ko‘ra,  Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan jinoyatlar soni 4,98 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 18,12 foizga, shu jumladan qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, o‘g‘irlik, nomisga tegish, avtotransport qurollarini olib qochish jinoyatlari kamaygan. Respublikaning 401 mahallasidan 161 mahallasida jinoyatlar sodir etilmadi, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar oldin sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygani ta’kidlandi. 

Shuningdek, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov barcha tuman-shaharlarda 4 ta sektor rahbarlari ishtirokida shaxsiy tarkib bilan suhbatlar o‘tkazib, mahalla, huquq-tartibot idoralari va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish borasida topshiriqlarni berdi.

“Yig‘ilish davomida o‘z xizmat vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani va xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i R.Yeshimbetov, Probatsiya bo‘limi boshlig‘i P.Seytmuratov va Yo‘l-patrul xizmati otryadi komandirining o‘rinbosari A.Masharipovlar hamda Qonliko‘l tumani IIB boshlig‘i M.Xojamuratov, To‘rtko‘l tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Mansurov, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari B.Isakov, Nukus shahar 4-son IIB boshlig‘i M.Utemuratov, Qo‘ng‘irot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektori R.Kalandarovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi harbiy safarbarlik bo‘limi boshlig‘i D.Tadjimov, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i X.Ochilov, Qonliko‘l tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Paluanov, Xo‘jayli tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O.Nuraddinov, Xo‘jayli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i A.Sariyevlarning har biriga intizomiy jazolari qo‘llanildi.

Uchrashuv yakunida so‘z olgan, Qoraqalpog‘iston  Respublikasi Vazirlar kengashi raisi yig‘ilishda ta’kidlangan kamchiliklar yuzasidan fikr bildirib, kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha yo‘l xaritalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Po'lat Bobojonov

Baholaganlar

111

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing