Pul bozoriga har oyda umumiy summasi 1 trln so‘mgacha likvidlik taqdim etiladi
Jamiyat
−
20 mart 2020
7233Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Farmonga ko‘ra, pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanish hisobiga pul bozoriga har oyda umumiy summasi 1 trln so‘mgacha likvidlik taqdim etiladi;
• bankomatlar yetarli miqdordagi naqd pul mablag‘lari bilan uzluksiz ta’minlanadi;
• masofaviy bank xizmatlari rivojlantiriladi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan:
• turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi sub’ektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmog‘ining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha umumiy summasi 5 trln so‘mlik qarzdorliklarni to‘lash bo‘yicha kechiktirish (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytiriladi;
• xususiy tadbirkorlik korxonalariga taqdim etilgan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, shu jumladan, iste’mol bozorini eng zarur tovarlar bilan to‘ldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratiladi.
Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi joriy yil 22 martdan boshlab 2 oy davomida kunlik selektor yig‘ilishlarini o‘tkazib, har bir hududda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, sanoat, infratuzilma va boshqa sohalar barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash masalalarida muammolar bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilib boradi.
LiveBarchasi