PSJ yulduzi odam savdosida ayblanmoqda
Sport
−
21 yanvar 13262 2 daqiqa
Fransiyaning PSJ jamoasi himoyachisi Lyuka Ernandes va uning rafiqasi Viktoriyu Triay odam savdosi hamda noqonuniy mehnatdan foydalanishda ayblanmoqda. Bu haqda “Paris Match” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kolumbiyalik bir oila – ota, ona va uch nafar farzand 2024 yil sentyabridan 2025 yil noyabrigacha qonuniy maqomsiz futbolchi va uning rafiqasi uchun ishlagan. Ular uy xizmatchisi, oshpaz va enaga vazifalarini bajargani aytilmoqda.
Oila advokatining so‘zlariga ko‘ra, Lyuka Ernandes mehnat shartnomalarini 2025 yil oktyabr oyida tuzishga rozi bo‘lgan. Bu hujjatlar xizmatchi Meri va uning onasi futbolchining rafiqasi bilan yuzaga kelgan jiddiy janjaldan so‘ng ishdan bo‘shatilganidan keyin rasmiylashtirilgan. Meri shuningdek, ish davomida bosim va tahdidlar bo‘lganini aytmoqda.
“Agar ketsang, hech kim bo‘lolmaysan, boshqa ish topolmaysan, deb aytishardi. So‘nggi kunlarda esa “Keta olmaysan, bu yerda qolishing kerak, jadvaling kuniga 24 soat” deb baqirishdi”, deydi jabrlanuvchi.
Xabarlarga ko‘ra, 2025 yilning noyabr oyidan buyon ushbu oila Ernandeslar xonadonida ishlamayapti, biroq bosim davom etgan. Merining so‘zlariga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgan paytda unga: “Seni Kolumbiyaga qaytarib yuboraman”, degan tahdid ham qilingan.
“Biz ekspluatatsiya qilindik va xo‘rlanib, loyiq bo‘lganimizdan ancha kam haq oldik. Muhojirlar va ularning oilalaridan foydalanishadi, qonuniylashtirishni va’da qilib, hech qachon va’dalarini bajarmaydilar va bizga qul kabi munosabatda bo‘ladilar”, deya ta’kidlaydi Meri.
“Lyuka Ernandes ushbu oilani iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan to‘liq qaram holatda ushlab turgan, ayrim vaziyatlarda bu holatlar zamonaviy qullikni eslatadi”, deydi oilaning advokati Lola Dyubua.
Hozirda kolumbiyalik oila juftlikka qarshi rasmiy shikoyat arizasini topshirgan. Ariza hozirda Versal prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Live
Barchasi