Husanovsiz “Manchester Siti” PSJga mag‘lub bo‘ldi
Sport
−
10:33
6056Parijliklar YeCHLda “Manchester Siti”ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi va keyingi bosqich uchun imkoniyatlarini yaxshilab oldi.
23 yanvarga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi 7-tur o‘yinlari davom ettirildi. Turning markaziy bahsi PSJ va “Manchester Siti” o‘rtasida kechdi hamda unda parijliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.
PSJdan “Barselona”cha kambek
O‘yinning birinchi taymi muxlislarni birmuncha zeriktirib qo‘ydi va 0:0 hisobida yakunlandi. Ikkinchi taym boshlanishi bilanoq “shaharliklar” tashabbusni qo‘lga oldi. Uchrashuvning 50-daqiqasida Savioning o‘rniga maydonga tushgan Jek Grilish hisobni ochdi. Oradan 3 daqiqa o‘tar-o‘tmas Erling Xolan ikkinchi golni kiritdi. Shundan so‘ng, parijliklarning yurishi boshlandi. Dastlab, Dembele 56 daqiqada hisobni qisqartirgan bo‘lsa, 60-daqiqada Barkolya hisobni tenglashtirdi. Tinimsiz hujumlar uyushtirgan Enrike shogirdlari 78-daqiqada Joau Neveshning goli evaziga oldinga o‘tib oldi. So‘nggi nuqtani 90+3-daqiqada Gonsalo Ramush qo‘ydi va yakuniy hisobni o‘rnatdi. Shu tariqa, PSJ 2:0 hisobidan chiqib ketgan haftaning ikkinchi klubi bo‘ldi. Kecha “Barselona” mehmonda “Benfika”ni 5:4 hisobida mag‘lub etgandi
Jamoalarning pley-off bosqichiga imkoniyatlari
Dastlab, g‘alaba qozongan parijliklar haqida to‘xtalib o‘tsak. Luis Enrike shogirdlari 7 turdan keyin 10 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida 22-o‘rinni qayd etmoqda. Hozircha Parij klubi 24 talik ichida va pley-off ishtirokchilari orasida. PSJ keyingi turni 30 yanvar kuni mehmonda “Shtutgart”ga qarshi o‘tkazadi. Agar klub g‘alaba qozonsa, keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin.
Parijda kambek qurboni bo‘lgan “Manchester Siti”ning imkoniyatlari biroz pasaygan bo‘lishi mumkin, ammo tamoman chiqa olmaydi deganimas. “Shaharliklar” 7 turdan so‘ng 8 ochko to‘plab, 25-o‘rinni qayd etmoqda. Gvardiola shogirdlari hozircha 24 talikda emas, ammo navbatdagi turda o‘z uyida “Bryugge”ni mag‘lub etadigan bo‘lsa, 11 ochkoga ega bo‘ladi va pley-off masalasini hal qilishi mumkin. Lekin klub boshqa raqobatchilarning natijalarini kuzatib borishga majbur. Keyingi turdagi raqib esa 11 ochko bilan 20-o‘rinda ketmoqda. Bir tomondan qaralsa, barchasi “Manchester Siti”ning o‘z qo‘lida. Chunki klub g‘alaba qozonsagina keyingi bosqichga yo‘l oladi. Sababi kuchli 24 talik uchun kurash olib borayotgan PSJ, “Shtutgart”, “Benfika” klublari pley-off yo‘lida qoqiladigan bo‘lsa, yo‘llanmadan quruq qoladi.
Kechaning boshqa natijalari
“Milan” o‘z uyida “Jirona”ni minimal hisobda mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Niderlandiyada uchta tarsaki qabul qilib olgan “Bavariya” ham pley-off uchun imkoniyatlarini saqlab qoldi. Klub keyingi turda “Slovan Bratislava”ni mag‘lub etadigan bo‘lsa, masalani hal qiladi. Yetakchilar qatorida borayotgan “Inter” mehmonda “Sparta”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi. Madridning “Real” klubi o‘z uyida “Zalsburg”ni ayab o‘tirmadi va 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Anchelotti shogirdlari ushbu g‘alabadan keyin nimchorak final uchun imkoniyatni saqlab qoldi. Jamoa keyingi turda mehmonda “Brest”ni mag‘lub etadigan bo‘lsa, masalani hal qiladi. Klubni 1 ochko ham qanoatlantiradi. Londonning “Arsenal”i jarohatlar girdobida qolgan bo‘lsa ham, natijalari yomon emas. Klub o‘z uyida “Dinamo Zagreb”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va keyingi bosqich masalasi uchun so‘roq qoldirmadi. Klub turnir jadvalida 3-o‘rinni qayd etib bormoqda.
Chempionlar ligasi 8-tur o‘yinlari 29-30 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi