PSJ “Tottenxem”dan UEFA Superkubogini ilib ketdi
Sport
−
14 avgust 4225 1 daqiqa
Kecha, 13 avgust kuni Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” jamoasi Angliyaning “Tottenxem” klubini mag‘lub etib, 2025 yilgi UEFA Superkubogiga ega chiqdi. G‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi.
Yangi mavsumdagi ilk yirik Yevrokubok bahsi Italiyaning Udine shahridagi “Bluenergy” stadionida bo‘lib o‘tdi. PSJ o‘tgan mavsum Chempionlar Ligasi g‘olibi sifatida, “Tottenxem” esa Yevropa Ligasi chempioni sifatida maydonga tushdi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi.
39-daqiqada niderlandiyalik himoyachi Mikki van de Ven “Tottenxem”ni oldinga olib chiqdi. 48-daqiqada esa Kristian Romero Pedro Porroning uzatmasidan so‘ng boshi bilan gol kiritdi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
85-daqiqada Li Kan In Vitinyaning pasidan so‘ng jarima maydoni tashqarisidan aniq zarba berib, hisobni qisqartirdi. 90+4-daqiqada esa portugaliyalik forvard Gonsalu Ramush Usmon Dembelening uzatmasidan so‘ng boshi bilan gol urib, hisobni tenglashtirdi.
Ekstra-taymlar o‘tkazilmay, penaltilar seriyasi boshlandi. Jamoalar beshtadan zarba berdi: PSJ to‘rtta, “Tottenxem” esa uchtasini aniq ijro etdi. Shu tariqa, “Pari Sen-Jermen” ilk bor UEFA Superkubogi sohibiga aylandi. “Tottenxem” esa tarixida ilk bor Superkubok uchun bahs olib bordi.
Live
Barchasi