Sal bet bo‘lishi kerak – Kusherboyev “O‘zavtosanoat” yerni auksionsiz olishini tanqid qildi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev “O‘zavtosanoat” AJ 100 gektarlik sug‘oriladigan yer maydonini beg‘araz hamda auksionsiz qo‘lga kiritmoqchi ekanligini tanqid qildi.

“Imtiyozlar iqtisodiyotda halol raqobatning yo‘qolib, iste’molchilarga tanlovsiz, sifati past mahsulot va xizmatlardan majburan foydalanishga olib kelishi mumkin”, deydi Kusherboyev.

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ayrim monopolistlarga berilayotgan alohida ustun huquqlar aholi ijtimoiy kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.

“Aholi shu sohada o‘zi istagan sifatli, arzon mahsulot va xizmatdan foydalana olmayapti. Bular qatoriga boqimanda “O‘zavtosanoat” tarkibidagi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar ham kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maxsus sanoat zonasi “Andijon viloyati sanoat xabi”ni tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan imtiyozlar shunday xulosaga olib kelyapti: halol va teng sharoitda ishlashga ishongan korxona o‘z maqsadlariga Prezident nomidan foydalanib erishmaydi”, deydi deputat.

U so‘zida davom etib, imtiyozlar og‘ushidagi “O‘zavtosanoat” 100 gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini beg‘araz olmoqchiligi qaror loyihasining eng toqat qilib bo‘lmas jihati ekanini ta’kidlab o‘tgan.

“Loyihadagi toqat qilib bo‘lmas vaziyat: ayrim yurtdoshlarimiz ilojsizlikdan bir parcha sug‘oriladigan yerda “o‘zboshimcha”, deb topilayotgan boshpanalarining buzilishidan hadiksirab kun o‘tkazayotgan bir vaqtda uzoq yillar shohona imkoniyat va imtiyozlar qurshovida yashagan “O‘zavtosanoat”ga (Sanoat xabi) yana 100 gektarlik sug‘oriladigan yer maydoni beg‘araz berilmoqchi. 5-6 sotixmas 100 gektar”, deydi Kusherboyev.

Deputat masalaning bir uchini oziv-ovqat xavfsizligiga bog‘lagan va sug‘oriladigan yerni egallayotgan monopolistlarni tanqid qilgan.

“Kulgilisi oziq-ovqat xavfsizligiga “o‘zboshimcha” uy qurib yashayotgan kambag‘al aholi xavf solyapti, deb bong uramiz, kambag‘alni qiynaymiz. Yuzlab gektar sug‘oriladigan yerlarni egallayotgan monopolistlar esa oppoq, ideal.

Bu ham yetmagandek hamma yerni auksion orqali olsa, “O‘zavtosanoat” auksionsiz olmoqchi. 

“Prosta” bez emas, sal bet bo‘lishi kerak”, deydi xalq vakili.

Unga ko‘ra, “O‘zavtosanoat” ta’sis etadigan korxona 100 gektar yerdan tashqari 2023 yil 1 yanvarga qadar  import qilinadigan qurilish materiallari, uskunalar, qurilish texnikasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalarini xorijdan olib kelishda bojxona to‘lovlaridan ozod bo‘lmoqchi. 

“Yana imtiyoz… Umid qilamanki, adolatli, kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida ketayotgan bir vaqtda “bir to‘da” ko‘zga ko‘rinmas shaxslarning lobbizmi ekanligi ko‘rinib turgan bunday loyiha qabul qilinmaydi”, deya so‘zini yakunlagan Rasul Kusherboyev.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev

Baholaganlar

763

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing