Prokurorlar Yun Sok Yol uchun 10 yil qamoq so‘radi

Olam

image

Bugun, 26 dekabr kuni sobiq prezident Yun Sok Yol faoliyatini tergov qilayotgan maxsus prokuratura jamoasi unga nisbatan 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘radi. Ular Yunni hibsga olish orderi ijrosiga to‘sqinlik qilganlikda hamda lavozim vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda ayblamoqda. Bu haqda “The Korea Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, prokurorlar rasmiy vazifalarga to‘sqinlik qilganlik uchun 5 yil, vakolatlarni suiiste’mol qilganlik uchun 3 yil, rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va ularni noqonuniy qo‘llaganlik uchun 2 yil qamoq jazosini so‘ramoqda. Ular Yun davlat institutlaridan qonunbuzarliklarni yashirish va konstitutsiyaviy muvozanatni izdan chiqarish uchun foydalanganini aytmoqda.

“Sudlanuvchi o‘z jinoyatlarini yashirish uchun vakolatlarini suiiste’mol qildi va davlat institutlarini shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatdi”, dedi maxsus prokuror.

Unga ko‘ra, Yun prezidentlik hokimiyatini cheklashga qaratilgan konstitutsiyaviy kafolatlarni mensimagan. Huquqshunoslarning aytishicha, so‘ralgan jazo ayblanayotgan xatti-harakatlarning og‘irligini aks ettiradi.

Adolatga to‘sqinlik qilish ayblovi joriy yilning 3 yanvar kuni yuz bergan hodisaga borib taqaladi. O‘shanda Yun bir necha hafta davomida rasmiy qarorgohida yashiringan holda yuqori mansabdor shaxslarni tergov qilish bo‘yicha idora tergovchilarini ichkariga kiritmagan.

Prokurorlarga ko‘ra, Yun qurollangan va maxsus jihozlangan prezident xavfsizlik xizmati xodimlariga tergovchilarni to‘sib qo‘yishni buyurgan va shu tariqa ularni hibsga olish orderi ijrosini to‘xtatish uchun shaxsiy kuchga aylantirgan.

“Qonuniy berilgan orderni to‘sish uchun og‘ir qurollangan xavfsizlik xodimlarining safarbar etilishi misli ko‘rilmagan holat”,  dedi maxsus prokuror.

Shuningdek, Yun o‘tgan yil 3 dekabr kuni harbiy holat e’lon qilinishidan oldin bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida faqat ayrim vazirlarni chaqirib, boshqalarni chetda qoldirganlikda ayblanmoqda. Bu esa ularning muhokamada ishtirok etish huquqini buzgan.

Bundan tashqari, prokurorlar Yun harbiy holat bekor qilingach, unga oid rasmiy hujjatlarni orqaga qarab soxtalashtirishga uringanini, jumladan, o‘sha paytdagi Bosh vazir Xan Dok Su va sobiq Mudofaa vaziri Kim Yong Xyondan imzo olishga harakat qilganini bildirdi.

Xan sud ayblanayotgan xatti-harakatlarning aniqligini inobatga olib, prokuratura talabiga yaqin hukm chiqarishi ehtimoli yuqori, deya baholadi.

Ma’lumot o‘rnida, Yun ilk bor yanvar oyi oxirida isyon yetakchiligida ayblanib, rasman unga nisbatan ayblov e’lon qilingan edi va hozirda bir nechta jinoyat ishlari bo‘yicha sud jarayonlariga duch kelmoqda. Sud maxsus prokuror to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, ayblov e’lon qilingan kundan boshlab olti oy ichida ish yakunlanishi shartligi sababli, 16 yanvarga qadar hukm chiqarilishini ma’lum qilgan.

Yun Sok Yol ishi 

O‘tgan yilning 3 dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgan edi. Ammo bu holat taxminan olti soatdan keyin bekor qilindi. Shundan so‘ng, 14 dekabr kuni Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilindi. Oqibatda uning vakolatlari to‘xtatildi.

Birlashgan tergov guruhi 14 dekabr kuni parlamentda impichment e’lon qilinganidan keyin vakolatlari to‘xtatilgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berish uchun Seul sudiga murojaat qilgandi. Janubiy Koreya sudi tergovchilarning iltimosini qanoatlantirib, Yun Sok Yolni hibsga olishga order berdi. Orderga ega tergovchilar 3 yanvar kuni mamlakat tarixida birinchi marta prezident qarorgohiga uni hibsga olish maqsadida yetib bordi, ammo tergovchilar Yun Sok Yolni hibsga olish bo‘yicha bo‘lgan 5 soatlik qarama-qarshilikdan so‘ng unga qarshi order ijrosini to‘xtatishga qaror qilgan. 7 yanvar kuni Janubiy Koreya sudi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish uchun yana order berdi. 15 yanvar kuni huquq-tartibot idoralari Janubiy Koreya prezidentini fitna ishi bo‘yicha hibsga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

qamoq tergov Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing