Prokuraturadan 213 xodim bo‘shatildi, 31 xodim jinoiy javobgarlikka tortildi – Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Jamiyat

image

O‘zbekiston prokuratura tizimida o‘tgan bir yil davomida korrupsiyaga moyil 213 nafar xodim lavozimidan ozod etilgan. Ular orasida 50 nafarini rahbar xodimlar tashkil etadi. Shuningdek, tizimda jinoyatga qo‘l urgan 31 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning maqolasida so‘z boradi. 

Yo‘ldoshevning qayd etishicha, prokuraturani tizimini “Xalq prokuraturasi”ga aylantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bera boshlagan. 

“Uzoq yillar davomida odamlarda jazolovchi organ sifatida tasavvur uyg‘otib kelgan prokuratura tizimi har jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ya’ni, u inson huquq va erkinliklarining, davlat va jamiyat manfaatlarining haqiqiy himoyachisi, qonun ustuvorligi va adolat tantanasi yo‘lida faoliyat yurituvchi tizim sifatida maydonga chiqmoqda”, deydi Yo‘ldoshev.

Bosh huquq posboni “Buni nimalarda ko‘rish mumkin?”, degan savolni qo‘yarkan, quyidagilarni sanaydi:

“Davlatimiz rahbari tomonidan prokuratura organlarini tubdan isloh qilish bo‘yicha oldimizga qo‘yilgan yangi vazifalar, jumladan o‘tgan yilning 20 iyunida Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida belgilab berilgan yo‘nalishlar doirasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Birinchidan, eng avvalo, tizimdagi ancha og‘ir vaziyatni o‘nglashga, jamoada ishchan va sog‘lom muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar Konsepsiyasi ishlab chiqildi. Uning asosida birinchi galda xodimlarning 45 foizini yosh mutaxassislar tashkil etishi, biroq, ularga ish o‘rgatadigan murabbiylar deyarli qolmagani hisobga olinib, so‘nggi yillarda boy berilgan “ustoz - shogird” an’analarini tiklash choralari ko‘rildi.

75 nafar tajriba va malakaga ega xodim xizmatga qaytarildi. Har bir tarmoq rahbarligiga shu yo‘nalishning haqiqiy mutaxassislari tayinlandi.

Umuman, kadrlarni tanlash va tayinlash jarayonidagi o‘ta markazlashganlik hamda sub’ektiv omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rildi. Har bir xodimni iqtidori, salohiyati va mas’uliyatiga mos ravishda lavozimga tayinlash mexanizmi to‘liq yo‘lga qo‘yildi. 

Bundan tashqari, tizimni nopok va nomunosib xodimlardan tozalashga alohida e’tibor qaratildi va bu jarayon davom etmoqda. Bir yil davomida korrupsiyaga moyil 213 nafar, jumladan 50 dan ortiq rahbar xodim tizimdan bo‘shatildi. Jinoyatga qo‘l urgan 31 nafar xodim jinoiy  javobgarlikka tortildi”. 

Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura tizimidagi o‘zgarishlarni sanab, ayrim o‘zgarishlar, hatto, byudjet mablag‘larini tejashga xizmat qilayotganini, birgina zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilgan holda, butun tizim to‘liq elektron ish yuritishga o‘tkazilib, ortiqcha qog‘ozbozlikka deyarli barham berilgani ortidan tizimda har oyda faqatgina qog‘ozdan qariyb 300 mln so‘m tejab qolinayotganini urg‘ulaydi. 

Shuningdek, prokuratura organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 

“Mavjud 50 ga yaqin nazorat organlari faoliyati ustidan tizimli va ta’sirchan nazorat o‘rnatish orqali qonuniylikni mustahkamlashga e’tibor qaratilmoqda. Nazorat organlaridan olingan axborotlar asosida eng muammoli sohalarni aniqlanmoqda va qonun buzilishi holatlari hamda tizimli kamchiliklarning asl sabablarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Shu tartibda oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash, qurilish, qishloq xo‘jaligi kabi qator sohalarda qonuniylikning ahvoli chuqur tahlil qilindi”, deydi Bosh prokuror. 


Maqola muallifi

Teglar

Nig'matilla Yo'ldoshev Prokuratura

Baholaganlar

267

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing