Gulnora Karimova o‘z joniga qasd qildimi? Prokuratura bayonot bilan chiqdi
Jamiyat
−
08 mart 2019
60397So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot organlari faoliyatiga doir, ularda rahbarlarning almashgani, qolaversa, Gulnora Karimovaning zo‘rlik bilan o‘g‘rilanib ketilgani va eng oxirgi xabar — uning o‘z kamerasida joniga qasd qilgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda.
Bosh prokuraturaning matbuot xizmati bu xabarlarning hammasi yolg‘on, zamonaviy axborot til bilan aytganda, “feyk” ekanini bildiradi.
“Bularning barchasi aniq bir maqsadni ko‘zlab amalga oshirilayotgan axborot xurujlaridir. Yurtimiz aholisi va ayniqsa, ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlardan mazkur xabarlarga ishonmaslikni hamda biron ma’lumot tarqatishdan oldin uning nechog‘li haqiqatga mosligini tekshirib ko‘rishlari va aniq dalillarga asoslangan holda axborot uzatishlarini so‘raymiz. Gulnora Karimovaning o‘z joniga qasd qilgani masalasiga kelsak, mahkuma ayni paytda tinch va xotirjam o‘zining o‘talmay qolgan jazo muddatini belgilangan umumiy koloniyada, belgilangan tartibda o‘tamoqda. Uning hayotiga hech qanday xavf yo‘q, ayni paytda G. Karimova sog‘-salomat”, deb aytib o‘tdi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 5 mart kuni o‘z uyida jazoni o‘tash uchun umumiy tartibli koloniyaga olib ketilgan edi.
Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
LiveBarchasi