Prokuratura Andijonda o‘zini yoqib yuborgan fuqaro ishi bo‘yicha ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda fuqaro uyini musodara qilishga kelgan MIB xodimi oldida o‘zini yoqib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mazkur hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

Unga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Andijon tumani bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan Andijon tumani, “Beshbo‘ynoq” MFY, Bodomzor ko‘chasi, 140-uyda yashovchi javobgarlar X.Gayibnazarov va uning oila a’zolarini uydan ko‘chirish hamda undiruvchi M.Bayxanovani ushbu uyga kiritish to‘g‘risida ijro ishi qo‘zg‘atilgan.

Ijro ishini amalga oshirish maqsadida joriy yilning 21 yanvar kuni ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzilga kech soat 18:00 larda borilib, undiruvchi va qarzdor o‘zaro kelishtirilib, qarzdorlarga 24 yanvarga qadar ko‘chib ketishlari uchun muddat berilgan.

Undiruvchi M.Bayxanova ketganidan so‘ng qarzdor MIB xodimlarini chaqirib, 24 yanvarga qadar ko‘chirish ishlarini to‘xtatib turishni so‘ragan vaqtida qarzdor X.Gayibnazarov ko‘chada taxminan 8-10 metr uzoqliqda jahl ustida bir qo‘lidagi yelim idishdagi suyuqlikni ustidan sepib, o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan.

MIB xodimlari o‘zini yoqqan X.Gayibnazarovdagi olovni o‘chirishga ko‘maklashib, X.Gayibnazarov Labo rusumli avtomashinada, uning oila a’zolari esa davlat ijrochisi I.M.ning avtomashinasida Andijon tumani tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limiga olib borilgan.

Fuqaro M.Bayxanova tomonidan yuqorida qayd etilgan xonadon Andijon tuman 1-son davlat notarial idorasida 2016 yilning 4 mayida qayd etilgan oldi-sotdi shartnomasiga asosan sotib olganligi sababli uy-joydan ko‘chirish haqida sudga da’vo arizasi kiritgan. Sudning qaroriga asosan qarzdor X.Gayibnazarovlarni uydan ko‘chirish belgilanganligi sababli undiruvchi M.Bayxanovaning arizasiga ko‘ra, ushbu ijro harakatlari olib borilgan. Ijro harakatlari ushbu uyni davlat foydasiga olish maqsadida amalga oshirilmagan.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 25 yanvarida Andijon tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon MIB

Baholaganlar

231

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing