Profilaktika inspektorlariga yangi vakolat berildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlariga mahallalarda ekologik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha quyidagi vazifa va vakolatlarni berish orqali “Ekologik patrul” ishlash tizimi kengaytiriladi:

•    mahallalarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, brakonerlikka qarshi kurashish;

•    ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga doir huquqbuzarliklar hamda brakonerlikka qarshi kurashish bo‘yicha bevosita ma’muriy javobgarlikka tortish va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish.

Ekologik nazorat jamoatchi inspektorlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik holatlarini aniqlashi va zarur choralar ko‘rishi natijalariga ko‘ra pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari, patrul-post xizmati xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi natijasida jarima sifatida undirilgan mablag‘lar 30 foizi miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Ekologik nazorat jamoatchi inspektorlariga Davlat qo‘mitasi tomonidan yuritiladigan “Yashil makon” va boshqa platformalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

ekologiya

Baholaganlar

865

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing