Profilaktika inspektoriga hujum qilgan ikki kishi hibsga olindi
Jamiyat
−
22 fevral 2019
6779Toshkent shahar IIBB huquq-tartibot organi xodimlariga hujum qilgan surxondayolik ikki nafar erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda boshqarma Matbuot xizmati xabar berdi.
“20 fevral kuni Chilonzor tumani IIO FMB 8-son ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori Katta Xirmontepa mahallasidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolarning shikoyatlaridan xabar topib, ushbu mahallaga yetib borgan. Fuqarolar qo‘shnisining xonadonida olib borilayotgan ta’mirlash ishlaridan qolgan chiqindilar uy yonida to‘planayotganidan shikoyat qilishardi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ilgariroq profilaktika inspektori bir necha bor ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ishchilarni atrof muhitni ifloslantirish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasiga (shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) asosan javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirgan.
Ammo surxondaryolik 32 yoshli Alisher X. va 26 yoshli Abdullaxon X. unga qarshilik ko‘rsatishgan.
Hozirgi vaqtda ular qo‘lga olinganlar. Ushbu fakt asosida Chilonzor tumani Prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bo‘yicha (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.