Prigojin va uning hamrohlari jasadlarida granata bo‘laklari topildi – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 23 avgust kuni Tver viloyatida halok bo‘lgan “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin va uning hamrohlarining jasadlaridan granata bo‘laklari topilganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Valday” munozaralar klubida chiqishida aytib o‘tdi.

“Kecha Tergov qo‘mitasi rahbari menga aviahalokatda halok bo‘lganlarning jasadlaridan qo‘l granatalari bo‘laklari topilgani haqida xabar berdi. Samolyotga hech qanday tashqi ta’sir ko‘rsatilmagan. Bu allaqachon tasdiqlangan fakt”, deydi Putin.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Prigojin samolyoti halokati bo‘yicha tergov hali yakunlanmagan.

Uning qayd etishicha, qurbonlar qonida alkogol yoki giyohvand moddalar bor-yo‘qligi bo‘yicha tahlillar o‘tkazilmagan.

“Menimcha, bunday ekspertiza o‘tkazilishi kerak edi, lekin o‘tkazilmadi”, deya ta’kidlagan Rossiya rahbari.

Shuningdek, Vladimir Putin “Vagner”ning Sankt-Peterburgdagi shtab-kvartirasida 10 milliard rubl naqd pul, shuningdek, 5 kilogramm kokain topilgani haqida eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevgeniy Prigojinning vasiyatnomasi e’lon qilingandi.

Prigojinning o‘limi

Joriy yilning 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildirgan. 

Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilgan.

27 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinni Tver viloyatidagi aviahalokatda halok bo‘lganini tasdiqladi.

29 avgust kuni esa Prigojinning dafn marosimi ilgari ko‘plab Rossiya qahramonlari harbiy sharaf bilan dafn etilgan Serafimov qabristonida o‘nlab jurnalistlar navbatchilik qilayotganda, Prigojinning dafn marosimi butunlay boshqa cherkov hovlisida – Poroxovda jimgina o‘tkazilgan. Uning dafn marosimiga Rossiya rahbari Vladimir Putin qatnashmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vagner Evgeniy Prigojin granata bo'laklari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing