Prigojin bosh ko‘tardi. “Vagner” Rostovdagi harbiy okrug shtab-kvartirasini nazorat ostiga oldi (video)
Olam
−
24 iyun 2023
23061“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Rostov-Dondagi Janubiy harbiy okrugi shtab-kvartirasini nazorat ostiga oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, vagnerchilar zirhli texnikalar yordamida Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini o‘rab olgan. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Aytilishicha, “Vagner” jangchilari binoning deraza va eshiklari oldiga og‘ir qurollarni joylashtirgan. Vagnerchilar shahardagi muhim ob’ektlarni nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda. Xususiy kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojin ham shtab-kvartiraga borgan.
“Biz Bosh shtab boshlig‘i [Valeriy Gerasimov] va [Rossiya mudofaa vaziri Sergey] Shoyguni olmoqchimiz. Ular yo‘qolguncha biz shu yerdamiz, Rostov shahrini to‘sib, Moskvaga boramiz”, degan Prigojin.
Prigojinning Telegram’dagi sahifasida Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasi atrofidagi joylashuvdan lavhalar ham e’lon qilingan. Kadrlarda Prigojin Vagner Rostovdagi aeroport va boshqa harbiy ob’ektlarni ham nazoratga olganini aytgan.
Aytish joizki, kecha, 23 iyun Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini uning kompaniyasi pozitsiyalariga zarba berishda ayblab, 25 ming kishi “bu bilan shug‘ullanmoqchi” ekanini aytgan. Bugun, 24 iyun kuni esa u "Vagner" harbiy ob’ektlarni nazorat qilishini ta’kidlagan.
O‘z o‘rnida, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Prigojinning so‘zlarini "axborot provokatsiyasi" deb atagan va xususiy harbiy kompaniya pozitsiyalariga zarba berish ayblovlarini rad etgan.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa jinoiy ish qo‘zg‘atgan. FXXning Jamoatchilik bilan aloqalar markazi Yevgeniy Prigojinning bayonotlarini jinoyat va xiyonat deb baholagan va “Vagner” jangchilaridan uni hibsga olish choralarini ko‘rishga chaqirgan.
“Prigojinning so‘zlari aslida Rossiya Federatsiyasi hududida qurolli fuqarolik to‘qnashuvini boshlashga chaqiriq va rossiyalik harbiy xizmatchilarga “orqadan pichoq urishdir”, deyiladi FXX bayonotida.
Tahlikali vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasining bir qator hududlarida cheklovlar joriy etilmoqda. Xususan, Lipetsk va Voronej viloyatlarida, shuningdek, Rostov-Donuda ommaviy tadbirlar bekor qilingan.
LiveBarchasi