Prezidentning yo‘lini to‘smoqchi bo‘lgan ayollar, saylov kampaniyasini boshlagan Tramp, O‘zbekistonga kelayotgan Jerar Deparde va kunning eng muhim xabarlari sharhi

Jamiyat

image

5 nafar ayol Toshkentda Prezidentning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti korteji yo‘liga chiqib, uni to‘xtatib, shu orqali davlat rahbariga murojaat qilmoqchi bo‘lgan 5 nafar ayol ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

2019 yil 20 may kuni soat taxminan 08:45 larda fuqarolar Gulbahor Davranbekovna Tashmatova, Malika Abduraimjonovna Xaitova, Muhabbat G‘aniyevna Akbarova , Gulbahor Rustambekovna Karimbekova va Xursanoy Xolboyevna Ergasheva Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi binosi qarshisida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining harakatlanishi uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘nalishda to‘planib, davlat rahbarining mazkur yo‘nalishdan harakatlanishini bilgan holda, maxsus yo‘nalishda harakatlanayotgan kortej yo‘liga chiqib murojaat qilmoqchi bo‘lgan.

Yuqorida nomlari zikr etilgan 5 nafar fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha surishtiruvni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlari o‘tkazgan. O‘zlarini “jabrlanuvchi” qilib ko‘rsatayotgan fuqarolarga nisbatan Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv materiallari asosida Sud organi qonuniy baho berib, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilagan.

1 kunda 5 ta chaqaloq o‘lgani va onalarga boshqa jasadlar berilgani ustidan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati perinatal markazidagi  vaziyat bilan bog‘liq holat  yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 27 fevral soat 08:00 dan 2019 yil 1 mart kuni soat 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida  mazkur markazda jami 36 nafar ayollar tomonidan 37 nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib,  2019 yil 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkazilgan intensiv va reanimatsion chora-tadbirlarga qaramay,  og‘ir tug‘ruqlar asorati oqibatida turli patologik holatlar (onaning homiladorlik paytida onada uchraydigan kasalliklar) sababli 5 nafar chaqaloqlar o‘limi kuzatilgan. 

Ayni paytda yuqoridagi materialda aks etgan G.K. farzandining o‘limi va chaqoloqning jinsi almashganligi holati yuzasidan prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.  

Toshkentda maktablarga joylashish 2 ming dollargacha borgan joylar bor – Sherzod Shermatov.

Bugun, 19 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va vazirning birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablardagi korrupsiya darajasi haqida ma’lumot berdi.

“Toshkentda maktablarga joylashish 2 ming AQSH dollarigacha borgan joylar bor. Toshkent shahridagi 81 ta tanlab olingan maktab, shahardagi maktablarning 21 foizini tashkil etadi. U yerda o‘qiyotgan bolalar umumiy o‘quvchilar sonining 41 foizini tashkil etadi.

Shu sababli xalqda “presstijnыy” nomini olgan maktablarda o‘quvchilar soni ortib ketgan. Shu sababli o‘z mikrohududida joylashgan ota-onalar yonidagi maktabga bera olmayapti. Qaror maqsadi mikrohududdagi bolalarning huquqini ta’minlash, bolalarning til bo‘yicha qiynalmasligining, 7 yoshga yetmagan bolalarni maktabga berilishining oldini olish, shuningdek, maktab direktorlarining ta’magirligiga chek qo‘yishdir”, deydi Sherzod Shermatov.

Yunusobod tuman XCHK va FRBda ayol pol tozalashga majburlandimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda ayol pol artayotgani tasvirlangan surat tarqaldi. Uning oldida farzandi ham bor.

Toshkent shahar IIBB vaziyatni o‘rganish uchun guvohlarga murojaat qilgan.
“Koridordan o‘tib ketayotib, bola sharbat to‘kib yuborganini ko‘rdim. Bolaning onasidan farzandiga e’tiborli bo‘lishni so‘radim. Hech kim polni tozalashni so‘ramadi, vaholanki, ayol bolasining ortidan tozalayapti, qo‘rqinchli hech narsa ko‘rmayapman. Men faqatgina uning farzandi tashlagan axlatni olishni so‘radim va uning savoliga javob qaytardim”, degan Yunusobod tumani migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i kapitan Azizjon Umarov.

Xotin-qizlar qo‘mitasi shikoyat qilib kelgan ayollarning nega hibsga olingani haqida bayonot berdi.

Bir necha kunlardan buyon ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga shikoyat qilib kelgan ayollarning hibsga olinganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi.

"Ushbu holat Qo‘mita hududidan tashqarida, trassada ro‘y bergan. Shu kuni ayollar Qo‘mitagacha yetib kelmagan, xodimlar bilan uchrashmagan. 

Keyinroq ma’lum bulishicha, ushbu ayollar jamoatchilik tartibini buzganligi uchun ko‘chada Milliy gvardiya xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Ushbu voqeadan keyin ayollar Qo‘mitaga taklif etilgan, ular bilan suxbat o‘tkazilgan, ularning muammolari huquq-tartibot idoralari vakolatida bo‘lganligi tufayli, o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Ikki nafar ayolning muammolariga esa ijobiy yechim topilgan.


Gulnora Karimova bilan qo‘shiq kuylagan aktyor yana O‘zbekistonga kelyapti.

O‘zbekistonda suratga olinishi kutilayotgan filmda fransiyalik taniqli aktyor Jerar Deparde suratga tushadi. 

Ushbu loyiha "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK va O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

"Ipak yo‘li" deb nomlangan filmda mashhur aktyor O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiladi. Loyiha rejasiga ko‘ra, u Toshkent, Samarqand va Buxoroni ziyorat qiladi.

Chegaradagi to‘qnashuvda 12 kishi halok bo‘ldi.

Kecha, 18 iyun kuni Kolumbiya va Venesuela o‘rtasidagi aholi o‘tkazish chegara punktida sodir bo‘lgan to‘qnashuv sabab 12 kishi halok bo‘lgan. 

Hodisa seshanba kuni ertalab Kolumbiya chegarasidagi Norte-de-Santander va Venesuelaning Boka-de-Grita qishlog‘i o‘rtasidagi hududda sodir bo‘lgan. Noma’lum kishilar to‘qnashuv paytida bir nechta qo‘lbola portlovchi moddalarni ishga tushirgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa chegara hududda doimiy yoqilg‘i kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi turli guruhlarning o‘zaro kelishmovchiliklaridan kelib chiqqan.

Tramp ikkinchi marta saylanish uchun “g‘imirlash”ni boshladi.

AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp seshanba kuni 2020 yilda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ikkinchi marta saylanish uchun kampaniyasining rasman boshlanganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing