Prezidentning Surxondaryoga safari Sharg‘un shahridan boshlandi
Jamiyat
−
17 Oktabr 2019
8131Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 17 oktyabr kuni Surxondaryo viloyatiga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga yetib keldi.Ta’kidlash kerakki, shu yilning 30 aprel – 1 may kunlari Davlat rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi.
O‘tgan qisqa davrda mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Viloyatda 2019-2020 yillarda umumiy qiymati 24 trillion 84 milliard so‘mlik 690 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali 15 ming 241 ta ish o‘rni yaratish belgilangan. Yilning o‘tgan davrida 552 tadan ortiq loyiha uchun 2 trillion 222 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ jalb etildi. Qisqa vaqtda qiymati 525 milliard so‘mlikdan ziyod investitsiya loyihalari ishga tushirildi. 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi.
Prezident tashrif doirasida Termiz shahridagi “ZIF TEXTILE” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘lib korxonaning tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. Berilgan topshiriqlar asosida korxonada 94 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, yiliga 6 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 400 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Sariosiyo tumani markazidan qariyb 60 kilometr olisda joylashgan Sangardak qishlog‘i va uning atrofidagi o‘ndan ortiq aholi punktida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash uchun besh tashabbus ijrosi doirasida “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Sangardak chevarlari” tikuv-trikotaj majmuasi qurilib, ishga tushirildi.
Yengil konstruksiyali majmua chet elning zamonaviy tikuv-trikotaj dastgohlari bilan jihozlangan. Keng yorug‘ sexlar, oshxona, tibbiyot, yuvinish va boshqa zarur xonalar barpo etilgan. Kelgusida bu yerda mingdan ortiq xotin-qiz mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Uning dastlabki bosqichida uch yuz nafar xotin-qiz bir smenada tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarmoqda. Buyurtmalar oshib borishi bilan qo‘shimcha tikuvchilar qabul qilinib, ish ikki smenada tashkil etiladi.
Viloyatda chorvachilik, baliqchilik, zamonaviy issiqxonalar barpo etish va boshqa sohalarda ham qator loyihalar o‘zlashtirildi. “Yoshlar-kelajagimiz“, “Har bir oila – tadbirkor“ dasturlari ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanishga e’tibor kuchaytirildi.
Viloyatning investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi xizmat turlarini kengaytirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha berilgan topshiriq ijrosi doirasida 103,7 million dollardan ziyod miqdordagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Mazkur loyihalarning asosiy qismi sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Ayni paytda viloyat yirik qurilish, bunyodkorlik maydoniga aylangan. “Obod qishloq“, “Obod mahalla“, “Obod markaz“ dasturlari hududlar qiyofasini tubdan o‘zgartirib, odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashiga munosib sharoit yaratmoqda. Buning uchun keng, ravon yo‘llar barpo etilib, mavjud ko‘p qavatli uylar, talim, tibbiyot, madaniyat va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari rekonstruksiya qilinmoqda, yangilari qurilayotir.
Sharg‘un – viloyatning ko‘mir, ohaktosh, kumush, fosforit kabi noyob qazilma zaxiralariga boy hududlaridan biri. Sharg‘un ko‘mir konini qayta tiklash va samarali foydalanish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Xitoy davlatining Eksim banki tomonidan ajratilgan mablag‘lar evaziga 2021 yilgacha yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari bajarilib, bu yerdan yiliga 900 ming tonna ko‘mir qazib olish yo‘lga qo‘yiladi. 600 ish o‘rni yaratiladi. Hozir konlarni qayta tiklash barobarida ko‘mir qazib olish ishlari ham davom etmoqda.
Shavkat Mirziyoyev shu yil 30 aprel kuni Shaxtyorlar shahriga tashrifi chog‘ida Sharg‘un ko‘mir konini sifatli qayta tiklash, Sharg‘un shahrining qiyofasini tubdan o‘zgartirish va aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli topshiriqlarni bergan edi. Mazkur vazifalarga muvofiq olis va tog‘li shaharda yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. “Obod markaz” Davlat dasturi doirasida mavjud ko‘p qavatli uylarni mukammal tamirlash, zamonaviy yangi turar-joy binolari, keng, ravon yo‘llar barpo etish, turli ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, aholiga xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanlarini yaratish, elektr energiyasi, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Olis tog‘li shahardagi beshta mahallada o‘nga yaqin millat vakillari ahil, inoq hayot kechirmoqda. Konchilar go‘shasida 18 ta 4 qavatli, 36 ta 2 qavatli uy mavjud. Tijorat banklarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 26 ta ko‘p qavatli uyning tashqi qismi to‘liq ta’mirlandi. Oltita ko‘p qavatli uylarning tom qismi mukammal ta’mirlandi. 63 ta kirish yo‘laklariga yangi temir eshiklar, 3260 m2 framuga romlari o‘rnatildi. Tandirxonalar qurib berildi. Uylar atrofiga 76 ta tungi yoritgich o‘rnatildi. 18 ta bolalar o‘yingohi zamonaviy usulda jihozlandi. Mavjud 200 dan ortiq noqonuniy qurilmalar buzilib, chiqindilardan tozalandi. 380 metr irrigatsiya tarmoqlari yangidan ta’mirlandi. Tabiiy gaz va elektr taminoti tubdan yaxshilandi.
Sharg‘un qurilish kasb-hunar kolleji, 4 ta umumta’lim maktabi va 2 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda rekonstruksiya, ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Buning uchun yigirma milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanayotir. Mavjud to‘rtta maktabgacha ta’lim muassasasi ham yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatib, bolajonlar uchun barcha sharoitlar muhayyo etilmoqda. Shuningdek bitta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirilib, ikkitasida qurilish ishlari davom etayotir.
Sharg‘un shahar hokimligi binosi, shifoxona rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. 100 o‘rinli oilaviy poliklinikada qurilish ta’mirlash ishlari yakunlanib, tibbiyot xodimlari va aholi uchun barcha qulayliklar yaratildi. Kelgusi yil 60 o‘rinli tug‘ruqxona bunyod etilib, narkologiya shifoxonasi rekonstruksiya qilinadi. Shahar markazidagi “Shaxtyorlar maydoni“da shaxtyorlar monumenti o‘rnatilib, ko‘rkam maskanga aylantirildi. Ko‘p millatli konchilar shahridagi Birodarlik qabristonida yirik hajmdagi obodonlashtirish ishlari bajarilib, ikki mingdan ortiq qabr begona o‘tlardan tozalandi, suvoqlandi. Bostirma, piyodalar yo‘lakchalari qurildi, qabrtoshlar, temir panjaralar bo‘yaldi. Atrofi sementli blog g‘ishtdan devor to‘siqlari bilan o‘raldi, suv minorasi tom qismi profnastil bilan ta’mirlanib, tashqi qismida suvoqlash va fasad ishlari bajarildi. Tahoratxona qurilib, barcha sharoitlar yaratildi. Ming tupdan ortiq manzarali daraxt o‘tqazildi.
Ayni paytda mehnatkash, fidoyi konchilar go‘shasida bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Ko‘p qavatli zamonaviy uylar qad rostlayotir. Ichimlik suv taminoti yaxshilanmoqda. Kanalizatsiya tarmoqlari barpo etilayotir. Ravon yo‘llar qurilmoqda.
“Obod markaz“ dasturi bo‘yicha bunday ulug‘vor ishlar Muzrabot tumani markazida ham olib borilmoqda. Viloyatdagi 31 qishloq va ikkita mahalla “Obod qishloq“, “Obod mahalla“ dasturlariga ko‘ra, yangi qiyofada bo‘y ko‘rsatmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar odamlarning so‘nggi yillarda yuz berayotgan ezgu o‘zgarishlardan faxr-iftixor hissini tuyishiga, ularning turmush tarzini oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Prezidentning bu safargi tashrifi ham viloyatda ko‘plab zamonaviy loyihalarni joriy etishga keng yo‘l ochib, vohani iqtisodiy-ijtimoiy yuksaltirishning istiqbolli yangi yo‘nalishlarini belgilab beradi. Viloyat aholisining farovon hayotga ishtiyoqini, obod va osuda turmushga intilishini kuchaytirib, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarish va yangilanishlarga daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi.
LiveBarchasi