Prezidentning Matbuot kotiblariga ham atalgan gaplari bor
Jamiyat
−
21 yanvar 2020
8528O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi o‘tkazilmoqda. Yig‘ilishda ishtirok etayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat organlari faoliyati va ular tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni OAVlarda keng yoritish vazifasini yukladi.
“U zamon o‘tdi-ketdi. Statistika o‘z yo‘liga. Mana deyarli har bir tashkilotda matbuot kotiblari mavjud. Ularga yetarli sharoitlarni yaratib berdik. Belgilangan dasturlarni har bir matbuot xizmati, amaldor bajarishi shart. Paxta bajaramiz, g‘alla bajaramiz, deb likillab yuradigan zamon o‘tib bo‘ldi endi. Zamonaviy ish uslublariga o‘tishimiz kerak. Yoqadimi-yoqmaydimi zamon shuni talab qilmoqda”, deydi Prezident.
Prezident ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlardan keng foydalanish, matbuot anjumanlari, brifinglar, media-turlar tashkil etish zarurligi va hukumat, vazirlik, idoralar, hududlar rahbarlari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishi va ularga prinsipial munosabat bildirishi lozimligini aytdi.
Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish uchun har bir idora o‘zining media dasturini ishlab chiqishi, Hukumat bu masalaning ijrosini qat’iy nazoratga olishi zarurligi va har bir idora, vazirlik ma’lumotlar ochiqligini, faoliyatini tanqidiy ko‘rib o‘zining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlarida sahifalarida ma’lumotlarni muntazam joylashtirishi va yangilab borishi zarurligi tushuntirildi.