Prezidentning aksilkorrupsion farmoni va qarori loyihasi e’lon qilindi
Jamiyat
−
23 iyun 2021
7907O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqildi.
Mazkur farmon va qaror loyihalari korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish maqsadida ishlab chiqildi.
Loyihalarda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
1. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri yuritilishi belgilanib, unga kiritilgan shaxslarga nisbatan bir qator cheklovlar o‘rnatilmoqda.
Masalan, bunday shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi, mukofotlar bilan taqdirlanishi, nazorat ostida bo‘lgan korxonalar aksiyalariga egalik qilishi, pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.
2. 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilmoqda.
Deklaratsiya qilish tizimi doirasida:
a) mol-mulkning kelib chiqish manbasini tasdiqlash sharti faqat 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkka nisbatan tatbiq etiladi;
b) deklaratsiyani taqdim etishdan bosh tortish va noto‘g‘ri ma’lumot kiritish davlat xizmatidan bo‘shatish va javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi;
v) davlat xizmatchilariga xorijda bank xisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.
3. Manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadigan mansabdor shaxslarning harakatlari belgilanib, ularni amalga oshirish qat’iyan taqiqlanmoqda.
Masalan, tijorat tashkilotlarining muassisi bo‘lish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, davlat organining ishlarida uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surish va boshqalar.
4. Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda:
a) korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilab, bunday jinoyatlar uchun jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
b) deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik va manfaatlar to‘qnashuvi uchun jinoiy javobgarlikni belgilash.
5. Barcha davlat organi va tashkilotlarida kadrlar bilan ishlash tizimi, shu jumladan vakant lavozimlarni e’lon qilish, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirish jarayonlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish belgilanmoqda.
Bundan tashqari, kadrlar bilan ishlash, xo‘jalik ishlari, moliya-iqtisod bo‘linmalari rahbarlari va nazorat funksiyalariga ega bo‘lgan boshqa tuzilmalar rahbarlari har 3 yilda majburiy rotatsiya qilinadi.
6. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlarini kengaytirish maqsadida unga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda shartnoma, buyruq va boshqa hujjatlarni to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma kiritish yoki uni bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo kiritish huquqi beriladi.
7. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tuzilmalari faoliyati barcha vazirlik va idoralar, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yirik tashkilotlar va banklar, viloyat hokimliklarida mavjud shtat birliklari doirasida yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda.
8. Davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitishning “halollik vaksinasi”ga asoslangan tizimi joriy etilmoqda.
Uning doirasida:
• davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yirik tashkilotlar rahbarlarini 3 ta guruhga bulib o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi;
• 2021 yil 1 oktyabrga qadar davlat xizmatchilari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etishga mo‘ljallangan anti-corruption.academy elektron o‘quv platformasi ishga tushiriladi.
9. 2021–2022 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlanmoqda.
Dastur nazarda tutilayotgan vazifalarni manzilli ijro etishni ta’minlashga qaratilgan 64 ta aniq chora-tadbirlardan iborat.
10. Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida quyidagi qonunlar tayyorlanishi belgilanmoqda:
a) “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi;
b) “Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida”gi;
v) “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi;
g) “Uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surishni (lobbistik faoliyatni) cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihalari.
LiveBarchasi